O‘zbekistonda oltinchi xalqaro jaz festivali o‘tkaziladi

Saqlash
20:39 / 20.04.2022 828 0

2011 - yil YUNESKO tomonidan rasman e’lon qilingan xalqaro jaz kuni nishonlanishi munosabati bilan yurtimizda joriy yil 30 - aprel - 18 - may kunlari oltinchi xalqaro jaz festivali bo‘lib o‘tadi.

 

YUNESKO vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tadbir Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi va Toshkent shahri hokimligi tomonidan Fransiya, Germaniya, Vengriya, Hindiston, Polsha, Slovakiya, Shveysariya va AQSH elchixonalari ishtirokida tashkil etilmoqda.

 

Qayd etish joiz, hamyurtlarimiz xalqaro jaz bayramida 2015 - yildan buyon qatnashib kelmoqda. Bu galgi festival doirasida O‘zbekiston davlat konservatoriyasida mahalliy va xorijiy jaz ijrochilarining 20 ga yaqin konserti bo‘lib o‘tadi. Anjuman doirasida jazning 85 yilligi ham nishonlanadi. Shuningdek, Xiva shahridagi Ichan qal’ada ochiq havoda, Urganch shahridagi Ogahiy nomili musiqali drama teatrida, Buxoro shahridagi musiqali drama teatri va Ilhom teatrida konsert namoyish etiladi.

 

Bundan tashqari Uspenskiy nomli musiqa kolleji, Toshkent sirk kolleji, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkentdagi “Bonum Faktum” galereyasi va “Maqom” barida, shuningdek, Buxorodagi musiqa kollejida mahorat darslari, musiqa mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

 

Festival ishtirokchilari tarkibi an’anaviy ravishda turli mamlakatlarning ko‘plab jaz yulduzlaridan iborat. Ular diyorimizda o‘z mahoratlarini namoyish etish barobarida mavjud aloqalarni yanada kengaytirishga ham hissa qo‘shishadi. Ko‘pchilik taniqli chet ellik san’atkorlar aynan O‘zbekistonda xalqaro jaz jamiyatiga a’zo bo‘lishni maqsad etishgan. Ular orasida Tim Byorner (Germaniya), Vendetta Jinetti (AQSH), Igor Butman va rus jaz orkestri vakillari (Rossiya), Trio Gregori kabi mashhurlar bor.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//