Surxondaryoda ota farzandiga, aka o‘z ukasiga buyragini berdi

Saqlash
17:23 / 19.04.2022 708 0

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatida sog‘lomlashtirish aksiyasi davom etmoqda. Xususan, tadbir doirasida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bir qancha og‘ir bemorlarda murakkab buyrak ko‘chirish operasiyalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

 

Unda ko‘ra, Muzrabot tumani Muzrabot darvoza mahallasida yashovchi 27 yoshli Fayzullo Choriyev gemodializ muolajasini olib yurgan bemorlardan biri edi. Tibbiy tekshiruvlar natijasida unda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi aniqlangan.

 

– Bundan to‘rt-besh oy avval qon bosimim ko‘tarilib, boshim qattiq og‘iriydigan bo‘lib qoldi, – dedi F. Choriyev. – Hatto, og‘riqning zo‘ridan to‘shakka mixlanib qoldim. Gemodializ olishni o‘ylasam, hali ham yuragim orqaga tortadi.Viloyatimizda o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi esa qalbimga yana umid bag‘ishladi. Poytaxtdan kelgan malakali jarrohlar ikki kun avval menga buyrak ko‘chirib o‘tkazishdi. Hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman. Shifokorlarning aytishicha, yaqin kunlarda yana sog‘lom hayotga qaytarkanman. Buning uchun ularga, qolaversa, menga bir buyragini bergan jon jigarim – mehribon akamga minnatdorlik bildiraman.


Shuningdek, viloyatda o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida angorlik 35 yoshli Abdulla To‘rayevda ham murakkab buyrak ko‘chirish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarilgan. Unga otasi, 62 yoshli Toji To‘rayev bir buyragini bergan.

 

– Ko‘z oldingda norg‘uldek o‘g‘ling darddan so‘lib borayotganini ko‘rish og‘ir, – dedi T. To‘rayev. – Shukr, barchasi ortda qoldi. Nasib bo‘lsa, tez kunda farzandim yana sog‘lom hayotga qaytadi. Buning uchun tibbiyot xodimlaridan minnatdorman".

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//