Qashqadaryoda ertagi tarvuz pishdi

Saqlash
21:27 / 18.04.2022 942 0

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi O‘tamayli qishlog‘ida bir necha yillardan buyon plyonka ostida ertagi tarvuz yetishtirib kelayotgan Solih Rajabov bu yil odatdagidan boshqacharoq tarzda – 10 sotix issiqxonada tarvuz nihollarini ekib, hamkasblaridan ancha oldi, ya’ni kuni kecha ilk hosilni uzdi. Bu haqida «Xalq so‘zi» onlayn nashrining muxbiri xabar berdi.

 

 – Sinov tariqasida 20 dekabrda tarvuz urug‘ini ko‘kartirib, niholni yanvar oyida o‘rtalarida issiqxonaga ekkan edi, – deydi Solih Rajabov. – Issiqxona ichida ham ko‘chatlar ustini ikki qavat «duga» bilan o‘rab, sovuqdan himoyaladim. Buning samarasi o‘laroq tarvuz nihollari tezda quloch yozib, gulladi, sun’iy changlatdik, hosil tugdi va, mana ko‘rib turibsiz, odatdagidan bir yarim oy oldin pishib yetildi. Garchi bu bahor seryog‘in kelib, kunlar isishi kechroq boshlangan bo‘lsada, uddaladik. Issiqxonada bu yil 10 sotix yerda ertagi tarvuz yetishtirgan bo‘lsak, kelgusi yili 4 gektar joyda shu usulda hosil olib, xorijga eksport qilishni mo‘ljallab turibmiz.

 

Xabarga ko‘ra, tomorqachi 10 sotix issiqxonada tayyor bo‘lgan hosilni peshma-pesh ichki bozorga chiqarmoqda. U ertagi tarvuzdan 50 mln so‘mdan ziyod daromad olishni mo‘ljallab turibdi.

 

Shuningdek, Solih Rajabov 10 gektar yerda plyonka ostida 60 ming tup ko‘chat ekib, parvarishlamoqda, deyilgan xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//