Koronavirus “yashirin shtamm”ining yangi belgilari “oshkor” boʻlmoqda

Saqlash
21:14 / 18.04.2022 856 0

Koronavirusning «omikron» shtammi qisqa muddatda dunyoni “zabt” etgach, koʻp oʻtmay uning yangi mutatsiyalari keng tarqala boshladi. VA.2 — shulardan biri.



“Yashirin shtamm” nomini olgan mazkur subvariant hozirgacha dunyoning barcha qitʼalarida qayd etilgan. Vaqt oʻtishi bilan unga xos yangi alomatlar ham maʼlum boʻlmoqda.



Xususan, BA.2 belgilari nafaqat gripp va tumov, balki allergiya simptomlari bilan juda oʻxshash.



Mutaxassislar fikricha, tekshiruv testlarisiz bemorning koronavirusni yuqtirgan yoki yoʻqligini aniqlash imkonsiz.



BA.2 ning asosiy alomatlari shamollash singari namoyon boʻladi: koʻpincha tomoq ogʻriydi, burun bitadi. Sababsiz bosh aylanishi, bosh ogʻrigʻi va toliqish kuzatiladi.



Biroq bahorning ayni kunlarida ushbu simptomlarni allergiya belgilari bilan chalkashtirib yuborish hech gap emas. Negaki, bu shtammda COVID-19ga xos “anʼanaviy” alomat — taʼm va hid bilish qobiliyati yoʻqolishi kuzatilmaydi.



Buyuk Britaniyalik mashhur epidemiologik olim, professor Tim Spektor bu boradagi oʻrganishlariga tayanib, BA.2 avvalgi shtammlarga qaraganda tezroq tarqalishi barobarida, aksariyat hollarda yengil kechayotganini taʼkidladi.



Buni «omikron»ning ilk oʻchogʻi boʻlgan Janubiy Afrikada yangi mutatsiyani yuqtirgan bemorlarning taxminan 40 foizi kasallikni hech qanday belgilarsiz boshdan kechirgani ham tasdiqlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//