Toshkent viloyatida fuqaro xonadonida hech qanday hujjatsiz sher boqayotgani aniqlandi

Saqlash
19:03 / 18.04.2022 709 0

Toshkent viloyati Toshkent tumanida xonadonda noqonuniy holda sher bolasi saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqida Davlat ekologiya qo‘mitasi xabar qildi.

 

Qayd etilishicha, 16-aprel kuni Toshkent tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limiga Toshkent tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi murojaat qilgan. U shu tumanda yashovchi fuqaro o‘zi yashayotgan uy hovlisida xavfsizlik qoidalariga amal qilmay Afrika sherining bolasini boqayotgani haqida xabar bergan.

 

Murojaatga asosan, tezkorlik bilan guruh shakllantirilib, aytilgan manzilda o‘rganish olib borilgan. Natijada holat o‘z tasdig‘ini topgan. Ushbu uyda vaqtincha yashovchi, poytaxtda doimiy ro‘yxatda turgan fuqaro Sh.A. (2004-yilda tug‘ilgan) Afrika sherining bolasini boqayotgani ma’lum bo‘lgan. O‘rganishlar davomida fuqarodan ushbu sher bolasini olib kelish, saqlash kabi holatlar bo‘yicha kerakli hujjatlar so‘ralganda, hech qanday hujjatlari yo‘qligini aytib, o‘zining qiziqishi tufayli hovlisida boqishini bildirgan.

 

Holat yuzasidan dastlabki hujjatlar rasmiylashtirilib, dalolatnomalar tuzilgan. Sher bolasi sud qarori qabul qilinguniga qadar vaqtincha saqlash uchun pitomnikka topshirilgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//