Bo‘stonliqda 3 mln dollarga yer sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Saqlash
14:12 / 18.04.2022 811 0

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yer oldi-sotdisi bilan noqonuniy ravishda shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqida Bosh prokuratura xabar qildi.

 

Ma’lum qilinishicha, 15 aprel kuni Bosh prokuratura, IIV Yer resurslarini talon toroj qilinishini oldini olish bo‘limi va departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

 

Bo‘stonliq tumani hokimining tegishli qarori bilan «M.B.B.» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 30 million AQSH dollari miqdorida investision loyihani amalga oshirish sharti bilan maktabgacha ta’lim muassasasi va savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari qurilishi uchun 40 gektar yer maydoni ajratilgan.

 

Biroq MCHJ mansabdor shaxslari bugungi kunga qadar ushbu yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirmasdan, uni Elmurod ismli shaxs orqali 3 million AQSH dollariga sotayotgani haqida tezkor ma’lumot olingan.

 

Tadbir davomida 40 gektar yer maydoniga egalik huquqi bo‘lmagan to‘rt nafar tadbirkor hamda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi yordamchisi fuqaro D.A.ga 3 million AQSH dollari evaziga sotishga kelishib, oldindan 180 ming AQSH dollarini avans sifatida olgan vaqtida ushlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan 168 (firibgarlik) va 28, 211 (pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//