Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimida ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi

Saqlash
18:29 / 16.04.2022 1764 0

“Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.


Farmonga koʻra, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimida:


2022-yil 1-sentyabrgacha vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida boʻlgan taʼlim muassasalari negizida 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda 141 ta ixtisoslashtirilgan maktablar;



2023-yil 1-iyungacha Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufida boʻlgan va faoliyati tugatilgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari negizida 5 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.

 

2022–2024-yillarda Agentlik tizimida 25 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat quriladi.


2022/2023 oʻquv yilidan Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi ayrim fanlarni chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar negizida ayrim fanlar chuqur oʻqitiladigan sinflari mavjud umumiy oʻrta taʼlim maktablari tashkil etiladi.


Agentlik maktablariga qabul parametrlari bir sinfda oʻquvchilarning eng koʻp soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda Agentlik tomonidan belgilanadi.


2022/2023 oʻquv yilida Agentlik maktablarining aniq fanlar yoʻnalishiga qabul 5–11-sinflarga, tabiiy fanlar yoʻnalishiga 7–11-sinflarga, keyingi oʻquv yillarida tegishincha 5- va 7-sinflarga amalga oshiriladi.


Agentlik maktablariga oʻquvchilarni qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda mantiqiy fikrlash boʻyicha oʻtkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga koʻra amalga oshiriladi.


Roʻyxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida gʻolib boʻlgan (1, 2, 3-oʻrin) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻzi taʼlim oladigan hududida joylashgan Agentlik maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi.


Agentlik maktablarida aniq va tabiiy fanlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston tarixi fani chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi.


Agentlik maktablari direktorining ixtisoslik fanlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi oʻrniga “Maktab maslahatchisi” lavozimi joriy etiladi.


Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda oʻquvchilar uchun autsorsing asosida bepul sogʻlom ovqatlanish tashkil etiladi.


Agentlik maktablariga rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish uch bosqichli tanlov (saralash bosqichi, test sinovi va suhbat) asosida amalga oshiriladi.


2022/2023 oʻquv yilidan Agentlik maktablarida sunʼiy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT boʻyicha qoʻshimcha kurslar tashkil etiladi.


Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (Markaz) etib qayta nomlandi.

Markaz umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarining bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini baholaydi.


Markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash barcha talabgorlar uchun shartnoma asosida amalga oshiriladi.


Baholash natijasi boʻyicha 2 yil muddat davomida amal qiluvchi “Ilgʻor oʻqituvchi”, “Ustoz oʻqituvchi” hamda “Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatlar beriladi.

Mazkur sertifikatni olgan pedagog kadrlariga quyidagi miqdorda qoʻshimcha haq toʻlanadi:
 


“Ilgʻor oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida;

“Ustoz oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 70 foiz miqdorida;

“Professional oʻqituvchi” darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 100 foiz miqdorida.



Ushbu sertifikatlarni olgan pedagog kadrlar Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalariga ularning malaka toifasidan qatʼi nazar ishga qabul qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//