“Omikron”ning yangi mutasiyalari dunyo bo‘ylab tarqalmoqda

Saqlash
21:28 / 15.04.2022 698 0

Koronavirusning “omikron” shtammi mutasiyaga uchrashda davom etmoqda. Hozirgacha uning ellikka yaqin turi ma’lum. Ular orasida ХЕ subvarianti pandemiya davridagi eng yuqumlisi, deb hisoblanyapti.

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, .BA.1 va BA.2 versiyalari kombinasiyasidan hosil bo‘lgan ushbu variant Buyuk Britaniya, Hindiston, Tailand, Yangi Zelandiya va Chexiya tarkibiga Avstraliya va Yaponiya davlatlari ham qo‘shildi.

 

Xususan, Avstraliyada ilk ХЕ yaqinda chet eldan qaytgan bemorda ro‘yxatga olindi. Yaponiyada ham virusning yangi turi Tokio shahri yaqinidagi Narita aeroportida, AQSHdan kelgan 30 yoshli ayolda aniqlandi.

 

Shifokorlar koronavirus shtammlaridagi mutasiyalar tufayli hosil bo‘lgan uch xil liniyani ajratib ko‘rsatishadi — XD, ХЕ va XF.

 

XD va XF liniyalari “delta” va “omikron”ning BA.1 versiyasi kombinasiyasi natijasida, ХЕ esa BA.1 va BA.2 variantlarining qo‘shiluvi oqibatida yuzaga kelgan.


 
“Omikron” va “delta” birlashuvidan kelib chiqqan XF varianti kecha Italiyaning Piyevesestina shahrida qayd etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bemor 50 yoshida ko‘plab patologiyalardan aziyat chekib, vafot etdi. Ammo mahalliy mutaxassislar uning o‘limiga koronavirusning yangi varianti sabab bo‘lmaganini aytishmoqda.

 

Shuningdek, “Omikron”ning yana bir subshtammiga XL deb nom berildi. U ilk bor Janubiy Koreyada aniqlandi. Hozir mamlakat sog‘liqni saqlash idoralari yangi mutasiya ustida epidemiologik tadqiqot olib borishmoqda.

 

COVID-19ning yangi variantlari bemorlarda qanday asoratlarni ketirib chiqarishi xususida hozircha aniq ma’lumotlar yo‘q. Biroq mutaxassislar emlanish koronavirusga qarshi eng maqbul chora, degan xulosada yakdil, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//