Toshkent shahar IIBB plastik kartalardan pul oʻgʻirlashning yangi usuli paydo boʻlganidan ogohlantirmoqda

Saqlash
19:49 / 15.04.2022 710 0

Toshkent shahar IIBB oʻzgalarning plastik kartalaridan pul mablagʻlarini oʻzlashtirishning yangi firibgarlik yoʻllari haqida murojaatlar koʻpayib borayotganini maʼlum qildi.

 

Maʼlum qilinishicha, nomaʼlum shaxslar oʻzlari tanlagan maʼlum bir guruh aʼzolariga guruh maʼmurlari nomidan tasodifiy tarzda aniqlanadigan “aksiya”da gʻolib boʻlgani haqida xabar yubormoqda. Shundan soʻng ular pul mukofotini gʻolib boʻlgan foydalanuvchining plastik kartasiga oʻtkazishga tayyor ekanliklariga ishontirib, buning uchun havolaga amal qilishni soʻrayapti.

 

“Bunday havolalar esa Oʻzbekistondagi maʼlum boʻlgan toʻlov tizimlarining saytlariga olib boruvchi havolalarga oʻxshashligi sababli koʻpchilik fuqarolarning eʼtiborsizligi va yanglishib qolishi oqibatida salbiy holatlarga olib kelmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Poytaxt IIBB internetdan foydalanuvchilarni hushyor hamda eʼtiborli boʻlishga, turli xil lotereyalardagi “tasodifiy” yutuqlarga ishonmaslikka, shubhali havolalarga kirmaslikka va oʻzlarini plastik kartalarining maʼlumotlarini kiritmaslikka chaqiradi.

 

“Ayniqsa, kartangizning amal qilish muddatini koʻrsatish va SMS orqali kelgan tasdiqlash kodini yuborish haqidagi soʻrov shubha uygʻotish uchun asos boʻladi. Agar hozirda plastik kartangizda pul mablagʻlari boʻlmasa ham maxfiy maʼlumotlarni kiritish, firibgarlar uchun kelajakda kartangizdan gʻaraz niyatlarda foydalanib, hisobingizdagi barcha pullaringizni yechib olish imkonini beradi”, deyiladi murojaatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//