“Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” va maʼnaviyat: jamoatchilik nigohida

Saqlash
15:36 / 14.04.2022 881 0

Ayni vaqtda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” va maʼnaviyat: jamoatchilik nigohida» mavzusida ilmiy-maʼrifiy anjuman boʻlib oʻtmoqda. Tadbir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida tashkil etildi.

 

Unda markaz qoshida tashkil etilgan taniqli olimlar, maʼnaviyat fidoyilari, jamoatchilik vakillaridan iborat Ekspertlar guruhi aʼzolari qatnashmoqda.

 

 

Anjuman avvalida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov soʻzga chiqdi.

 

«Bugun Oʻzbekiston oʻzining taraqqiyotini yangi bir bosqichiga qadam qoʻydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, keng koʻlamli bunyodkorlik, xalqni rozi qilishga qaratilgan barcha sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyoda yuksak eʼtirof etilmoqda. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi renessans poydevorini qoʻyish har bir yurtdoshimizning hayotiy maqsadlarining asosiga aylanmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 

 

Davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida taʼkidlaganidek, “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish-bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir”, deya taʼkidlagan edilar», dedi M.Hojimatov.

 

 

Ilmiy-maʼrifiy anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari,Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov soʻzga chiqdi.

 

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi va undan maʼnaviyatchilar uchun kelib chiqadigan vazifalar, sohada nimalar qilinishi lozimligini muhokama qilib olishimiz kerak. Shu bois bugungi anjuman dolzarb ahamiyat kasb etadi.

 

Birinchi oʻrinda shu narsani taʼkidlar edimki, davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi Prezidentimiz shu lavozimga kirishgandan keyingi yozgan birinchi fundamental kitoblaridir. Bu kitobda davlatimiz rahbarining har tomonlama oʻylangan fikrlari, xalq bilan muloqotlari, dardlari mujassam», deya taʼkidladi A.Saidov.

 

Ilmiy-maʼrifiy anjuman davom etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//