Qandli diabetni davolashning yangi usuli topildi

Saqlash
16:04 / 13.04.2022 753 0

AQSHlik tadqiqotchilar uch daqiqalik fokuslangan ultratovush orqali qondagi glyukoza miqdorini kun davomida meʼyorida ushlab turish mumkinligini aniqladi. Mutaxassislarning izohiga koʻra, u koʻproq neyroxirurgiyada invaziv boʻlmagan aralashuvlar uchun qoʻllaniladi. Mazkur texnika yordamida bir nuqtada bir nechta ultratovush toʻlqinlari energiyasi jamlanib, kerakli hujayralarga yoʻnaltiriladi.

 

Kaliforniya universiteti va Faynshteyn tibbiyot tadqiqotlari instituti mutaxassislari ushbu yangilikni diabetga chalingan jonivorlarda sinovdan oʻtkazdi.

 

Buning uchun fokuslangan ultratovush stimulyatsiyasi jigardagi ayrim nerv guruhlariga yoʻnaltirildi. Natijada organizmda insulin va glyukoza darajasi samarali ravishda pasayishi kuzatildi.

 

Loyiha ustida ish olib borayotgan endokrinolog olim Raymund Xersogning qayd etishicha, hozir insulinni kamaytiradigan dorilar juda kam. Klinik sinovlar toʻliq muvaffaqiyatli yakunlangach, bu borada yangi imkoniyatlar yuzaga keladi.

 

Ayni paytda qandli diabetning 2-turi bilan ogʻrigan bemorlar guruhida sinovlar oʻtkazilmoqda. Shuning natijalariga koʻra, keyinchalik diabetga chalingan har qanday bemor uchun moʻljallangan ultratovush qurilmalarini ommaviy ishlab chiqarish rejalashtirilyapti.

 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Yevropa olimlari tomonidan ayni shu muolaja usuli xotira susayishi bilan bogʻliq kasalliklar, xususan, Parkinsonni davolashda qoʻl kelishi aniqlangan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish