Navoiyda ko‘p qavatli uylar fasadi graffiti san’ati usulida bezatilmoqda (foto)

Saqlash
20:20 / 13.04.2022 1021 0

Navoiy shahar hokimligi matbuot kotibi O‘. O‘sarovning Oyina.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, ushbu loyiha Navoiy viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha 2022 - yilda bajarilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga boshqarma tomonidan 1 milliard 850 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Unga ko‘ra, Karmana tumanidagi 5 ta va Navoiy shahridagi 25 ta ko‘p qavatli uylar fasadi grafitti san’ati usulida bezatiladi. Shuningdek, ushbu suratlarni Navoiy va samarqandlik rassom ustalar chizmoqda, dedi O‘.O‘sarov.

 

Eslatib o‘tamiz, dastavval Toshkentning Chilonzor tumanida rassom Inkuzartning Albert Eynshteynni turli formulalari bilan birga chizgan portreti bo‘yab qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Unda Inkuzart nomi bilan mashhur rassom Telegram-kanalida qanday qilib graffitini chizgani, keyin esa ishchilar devorni bo‘yab tashlayotgani ko‘rsatilgan videoni e’lon qilib, “Chilonzor hokimiga rahmat!” deya izoh qoldirganini ma’lum qilgandi.

 

Yuqoridagi voqeadan biroz vaqt o‘tgach, Yangihayot tuman hokimligi tashabbusi bilan “Do‘stlik” MFY dagi ko‘p qavatli uyning devoriga tushirilgan strit-art “Millatlar do‘stligi” deb nomlangan surat e’lon qilindi.

 

Ushbu strit-art namunasi bo‘lgan muralni 18 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumaniga tashrifi chog‘ida ko‘rib maqtagan edi. “Nega hammayoqqa shunday qilmaysizlar? Bu mural ham odamning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qiladi”, – degan Prezident mas’ullarga.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//