Sirdaryoda maktab oʻquvchisi qarindoshlari bilan oʻqituvchi va direktor oʻrinbosarini kaltaklagani aytildi

Saqlash
17:49 / 13.04.2022 794 0

Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi maktabda oʻquvchining yaqinlari oʻqituvchi va maktab direktori oʻrinbosarini kaltaklagani aytildi. Bu haqida “Daryo” manbasi xabar berdi.

 

Viloyatning Guliston shahridagi 5-sonli umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgani aytilgan janjalga oʻquvchining maktabga kechikib kelgani va oʻqituvchining unga tanbeh bergani sabab qilib koʻrsatilmoqda.

 

«Oʻqituvchi darsga kechikib kelgan oʻquvchidan nimaga tartibga rioya qilmayotgani toʻgʻrisida soʻragan, evaziga esa undan haqoratli soʻzlar eshitgan. Oʻqituvchi shunda ham bosiqlik qilib, bu haqda direktor oʻrinbosariga xabar bergan. Direktor oʻrinbosari oʻquvchiga bunday holat yaxshi emasligini tushuntirmoqchi boʻlganida oʻquvchi uni ham haqoratlab uyiga ketib qolgan. Birozdan soʻng mushtumzoʻrlarni olib kelib, maktab binosida dastlab oʻqituvchini, soʻngra uni himoya qilmoqchi boʻlgan direktor oʻrinbosarini ayovsiz kaltaklashgan. Hozirda oʻqituvchi va direktor oʻrinbosariga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialida tibbiy yordam koʻrsatilmoqda», deyiladi xabarda.

 

Sirdaryo viloyat IIB axborot xizmati rahbari Doston Shamsiddinov voqea 2022-yil 8-aprel kuni sodir boʻlganini tasdiqlab, holat IIB nazoratiga olinganini, surishtiruv ishlari davom etayotganini maʼlum qilgan.

Sirdaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati voqeaga oʻquvchining kechikib kelishi sabab boʻlganini tasdiqlab, oqibatda oʻquvchi U.A. hamda oʻqituvchi N.Gʻ oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilik yuzaga kelganini maʼlum qildi. “Holatdan xabar topgan oʻquvchi U.A.ning oila aʼzolari maktab binosiga kelib, maktab maʼmuriyati bilan janjallashgan. Natijada esa direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari M.Yu. hushini yoʻqotgan va Guliston shahar shoshilinch tez-tibbiy yordam markaziga joylashtirilgan”, — deyiladi rasmiy xabarda.

 

Qoʻshimcha qilinishicha, mazkur voqeadan soʻng Guliston shahri hokimi Toʻlqinjon Dadaboyev 5-umumtaʼlim maktabida boʻlib, maktablarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish hamda voyaga yetmagan oʻquvchilar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish boʻyicha yigʻilish oʻtkazilgan. Tadbirda sektor rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, shahar umumtaʼlim maktabi direktorlari va ularning maʼnaviy maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirok etgan. Yigʻilishda Guliston shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Samandar Ortiqovga har bir umumtaʼlim maktablari pedagog jamoasi bilan uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha reja-jadval ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//