Sohibqiron Amir Temur tavalludi Qashqadaryoda keng nishonlandi

Saqlash
17:59 / 10.04.2022 1478 0

Ulug‘ Sohibqiron Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan tantanalar Qashqadaryo viloyatida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Kecha erta tongdan Shahrisabzdagi Ko‘kgumbaz obidasida joylashgan Amir Temurning ustozi Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi ziyorat qilindi. 

 

Shundan so‘ng Amir Temur xiyoboni viloyat sektorlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik, olim va tadqiqotchilar, nuroniylar va yoshlar bilan gavjum bo‘ldi. Ular Sohibqiron haykali poyiga gulchambar qo‘yishib, ulug‘ sarkardaga o‘zlarining hurmat-ehtiromlarini izhor etdilar.

Shundan so‘ng Shahrisabz shahar madaniyat saroyida iste’dodli jurnalist, Sohibqiron Amir Temur tarixini chuqur o‘rgangan va tadqiq etgan adib Mo‘min Azizovning “Oqsaroynoma” kitobi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirni Shahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonov ochib berdi. Marhum jurnalist  Mo‘min Azizovning faoliyati, jumladan, Amir Temur tarixiga oid izlanishlari, tadqiqotlari jamlangan “Oqsaroynoma” kitobining Shahrisabz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida  Xalqaro “Oltin meros” jamoat fondi raisi Amirqul Karimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Lola Saodatova, Turon fanlar akademiyasi a’zosi Bozor Boltayev o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Bayram tantanalari ta’lim muassasalarida ham davom etdi. Shahrisabzdagi "Temurbeklar maktabi"  harbiy akademik liseyi o‘quvchilari bilan viloyat hokimining  muloqoti hamda “Amir Temur – buyuk davlat asoschisi va bunyodkori” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori Nabi Xushvaqtov, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Ismoil Meyliyev, Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi Dilobar Ochilova ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//