Jamiyat
Toshkent shahridagi “Farhod dehqon bozori” rahbari va uning oʻrinbosari qoʻlga olindi. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 5-aprel kuni Toshkent shahar IIBBga “Farhod dehqon bozori” AJ hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarodan ariza kelib tushgan. Unda bozor direktori va uning xavfsizlik boʻyicha oʻrinbosari uni bozordan chiqarib yuborish bilan qoʻrqitib, 2021-yil sentyabr oyidan buyon har 10 kunlik savdo faoliyati uchun 660 000 soʻmdan pul mablagʻlarini kassir orqali olib kelayotgani aytilgan. Shuningdek, tadbirkor oxirgi 2 oy uchun 3,4 million soʻm toʻlashni noqonuniy ravishda talab qilayotganini maʼlum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Mazkur arizaga asosan, Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi hamda DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. AT “Xalq banki” Uchtepa filialining ushbu bozorga xizmat koʻrsatuvchi kassiri, xizmat xonasida ariza muallifidan 3 400 000 soʻm olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, uning yonidan kunlik tushumdan inkassatsiya qilingan 8 300 000 soʻm va inkassatsiya qilinmagan 9 150 000 soʻm pul topilgan.
Tezkor tadbir davomida bozor direktori hamda uning oʻrinbosari ushlanib, uning “Gentra” avtomashinasidan 24 967 000 soʻm pul mablagʻi rasmiylashtirilgan. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q