Prezident 43ta DXM binosi oʻz vaqtida foydalanishga topshirilmagani oqibatida aholi sarson boʻlayotganini tanqid qildi

Saqlash
23:03 / 07.04.2022 891 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yigʻilishida davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish va koʻlamini kengaytirish masalasi muhokama qilindi.

 

Yigʻilishda davlat xizmatlari tizimini raqamlashtirish orqali mahalla va tumanda qanday oʻzgarishlar boʻlishi koʻrib chiqildi.

 

Aholiga davlat xizmatlaridan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida 1-iyuldan boshlab:

 

- 38 turdagi davlat xizmatlari uchun elektron imzo bilan tasdiqlash talabi bekor qilinib, mobil telefon orqali amalga oshiriladi (bino va inshootning tashqi koʻrinishini oʻzgartirishni kelishish, bogʻchaga qabul qilish va hokazo);

 

- 6 turdagi litsenziya olish uchun talablar bekor qilinadi;

 

- aholi va tadbirkorlar uchun 8 dan ortiq davlat xizmati boʻyicha elektron xabardor qilish tizimi joriy etiladi;

 

- aholi va tadbirkorlardan kommunal tashkilotlarning 32 turdagi hujjat va maʼlumotnomalarini talab qilish bekor qilinadi;

 

- ehtiyojmand oilalar farzandlari oliygohlarga kirishda test sinovlarida ishtirok etish toʻlovlaridan ozod etiladi (135 ming soʻm).

 

Prezident kelgusi yil yakuniga qadar markazlar orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari sonini hozirgi 172 tadan 300 taga, mobil ilova orqali koʻrsatiladiganlarini 60 tadan 250 taga yetkazish vazifasini qoʻydi.

 

Shu bilan birga, davlat xizmatlari markazlarini qurish ishlariga shaxsan viloyat hokimlari masʼul etib belgilangan boʻlsada, hozirga qadar 43 ta markaz binosi foydalanishga topshirilmagani, oqibatda aholi sarson boʻlayotgani tanqid qilindi.

 

Masalan, Davlatobod, Yangiyer, Guliston, Boʻka, Mirobod, Sergeli va Mirzo Ulugʻbek tumanlari, Guliston va Olmaliq shaharlarida qurilish ishlari umuman boshlanmagan, Nukus shahri, Boyovut, Quyichirchiq va Pskent tumanlarida esa qurilish ishlari toʻxtab qolgan.

 

Viloyat hokimlariga 1-sentyabrga qadar davlat xizmatlari markazlari bilan bogʻliq barcha qurilishlarni yakunlash topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//