Madaniyat
Kecha, 6-aprel kuni Yoshlar ishlari agentligining “Kitob olami” majmuasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shuhrat Orifning “Shom tovushi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda ustoz yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Elimiz sevgan san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari davraga fayz bag‘ishladi. So‘zga chiqqanlar shoir ijodi haqida samimiy fikrlarini bildirishdi.
“Shom tovushi” joriy yilda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. U shoirning ikkinchi kitobi bo‘lib, bundan avval “Men asli odammas, yor edim” nomli asari nashr qilingan edi.
Taqdimotda ishtirok etgan ijodkorlar o‘z taassurotlarini ijtimoiy tarmoqlarda ulashmoqdalar.
Faxriddin Hayyit, shoir:
–Rahmatli ustozimiz, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon ijodkorning eng yuksak fazilati uning bag‘rikengligi bo‘ladi, der edilar. Shuhrat Orifda ana shunday fazilat bor: ustozlarni qadrlaydi, yoshlarni atrofida jipslashtiradi. Ammo uning ijodida bag‘rikengligi yanada quloch yoyadi, o‘zgacha ranglarda jilolanadi.
Barnogul Sanaqulova, olima:
–Taqdimotda hamma faqat maqtov aytsa-da, negadir bu maqtovlar quloqlarga yoqdi, hamma she’r o‘qisa-da negadir bu she’rlardan qalblar orom oldi, hamma bir-birini yaqindan tanimasa-da hech kim begonasiramadi, haqiqiy xalqning ichidan chiqqan shoirning kechasi shunaqa go‘zal va fayzli bo‘ladi, nazarimda... Dardli, alamli qalamingizdan nolali satrlar to‘kilayversin, biz bu nolalarni o‘qib, aytolmagan, yozolmagan, dilimizda saqlab kelayotgan dardlarimizdan soqit bo‘laylik.
Zilola Xo‘janiyozova, shoira:
–Bugungi tezkor internet davrida, hatto do‘stni ham virtual tanlaydigan, taniydigan zamonda, bunday davralarning uyushtirilishi insonni insonga, ijodkorni ijodkorga yaqinlashtiradi, qalblarni adabiyotga, she’riyatga bo‘lgan muhabbatini oshiradi, ko‘ngil ko‘ngilning mehr bulog‘idan suv ichishiga xizmat qiladi. Shuhrat Orifning “Shom tovushi”dan qalb sasini, samimiyat nafasini his etdik.
Shoirning ushbu to‘plamidagi qatralar ham xuddi she’rday o‘qiladi, o‘zingizda she’rning ta’sirini his qilasiz. She’rga, ohangga sig‘magan tuyg‘ularning qatralar shaklidagi sehri sizni befarq qoldirmaydi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q