Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Yangi Oʻzbekiston koʻchasi poytaxtimizning muhim yoʻllaridan biriga aylanib bormoqda. Oxirgi yillarda u yerda yangi bogʻ, koʻprik, universitet barpo etildi. Endi bu koʻcha boʻyida 610 gektar maydonda uy-joylar, mehmonxonalar, kinoteatr, restoranlardan iborat zamonaviy majmualar qurish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari avvalo mazkur loyiha maketini koʻzdan kechirdi.
Loyihaga asosan, binolar toʻrt qavatli, toʻrt xil dizaynda boʻladi. Birinchi qavatda savdo va xizmat koʻrsatish muassasalari faoliyat yuritadi. Yuqori qavatlarda xonadonlar yoki mehmonxonalar boʻladi. Koʻcha boʻyida piyoda va velosiped yoʻlaklari, yerosti va yerusti yoʻllari barpo etiladi.
Prezidentimiz loyihani maʼqullab, uylarni energiyatejamkor qilib qurish, issiq va sovuqda moʻtadil boʻlishini taʼminlash boʻyicha tavsiyalar berdi. Ish oʻrinlarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
- Eng muhimi - xalqimizga munosib yashash sharoiti va ish oʻrinlari yaratish, - dedi davlatimiz rahbari.
Hisob-kitoblarga koʻra, binolarda 1 million 700 ming kvadrat metr savdo va xizmat koʻrsatish maydoni boʻladi. Buning negizida 14 mingdan ortiq ish oʻrni tashkil etiladi.
Shuningdek, ushbu koʻchada joylashgan “Toshkent-Sharqiy” aeroporti infratuzilmasini rivojlantirish, yoʻlovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish choralari ham belgilandi.
30-yanvar kuni oʻtkazilgan taqdimotda mahalla markazlari barpo etish loyihasi koʻrib chiqilgan edi. Bu gal Prezident koʻrsatmalari asosida qayta ishlangan loyiha taqdimot qilindi.
Unga koʻra, bunday markazlarda stadion, oʻyin maydonchalari, kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom va boshqalar boʻladi.
Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi taklifi asosida ushbu markazlar joyini aniqlash vazifasi qoʻyildi.
- Yoshlar oʻrgangan, infratuzilma borgan joylarni tanlash kerak. Mahalla idorasini ham shu yerga joylashtirish mumkin. Shunda bu joylar madaniyat va maʼrifat oʻchogʻi boʻladi. Bu markazlarda milliy oʻzligimiz namoyon boʻlishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumki, 2025-yilda Toshkent shahrida Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu nufuzli musobaqa uchun poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihalashtirilgan.
Loyihaga koʻra, shaharcha markazida olimpiya stadioni, uning ikki yonida yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashgʻulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Maʼmuriy bino, yotoqxona, muzey va xoʻjalik obyektlari ham quriladi.
Taqdimotda Olimpiya shaharchasi obyektlari qiymatini optimallashtirish choralari haqida maʼlumot berildi. Mutaxassislar bilan muhokama asosida, mazkur shaharcha loyihasi tasdiqlandi. Uni sifatli qilib qurish zarurligi taʼkidlandi.
- Bu majmua xalqimizga, yoshlarimizga mulk boʻlib qoladi. Shuning uchun birinchi oʻrinda sifat, - dedi Prezidentimiz.
Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish, jumladan, yerusti metrosi ostidagi boʻsh yer maydonlarida yangi xizmat koʻrsatish va savdo nuqtalarini tashkil etishga qaratilgan loyihalar koʻrib chiqildi.
Taqdimotda Samarqand turizm markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ham axborot berildi.
Barcha bunyodkorlik ishlarini umumiy bir jihat - ish oʻrinlari tashkil etish maqsadi birlashtirib turadi. Chunki bu inshootlarni qurish hamda keyinchalik ishlatish jarayonida minglab vatandoshlarmiz ish bilan taʼminlanadi.
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q