Jamiyat
Vazirlar Mahkamasi rayosat majlisida davlat organlari faoliyati ochiqligi toʻgʻrisidagi qonun, Prezidentning OAV mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari axborot xizmati faoliyatini rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarori ijrosi boʻyicha davlat organlari rahbarlari masʼuliyati masalasi muhokama qilindi.
Qonun va qaror ijrosi oʻrganilganda, ayrim vazirliklar va idoralar tomonidan ushbu hujjatlar talablarini bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, qonun 5-moddasiga koʻra davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan davlat dasturlari hamda boshqa dasturlar ijrosi, byudjet mablagʻlaridan foydalanish, oʻtkazilgan ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari, ommaviy tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar rasmiy saytlarda eʼlon qilib borilishi kerak.
«Biroq, deyarli barcha viloyatlar hokimliklari (Jizzax viloyatidan tashqari) veb-saytida dolzarb boʻlgan ochiq maʼlumotlar va jamoatchilikni alohida qiziqtiradigan mavzular bir oydan uch oygacha yangilanmagan.
Qonun 13-moddasiga koʻra saytlarda axborotni yangilab borish davriyligi haftasiga bir martadan kam boʻlmasligi kerak. Biroq, oʻndan ortiq davlat organi va tashkilotlari, jumladan, Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ochiq maʼlumotlar oʻn kundan bir oygacha kechiktirib eʼlon qilinayotgani aytildi.
Shuningdek, oʻrganilgan 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 35 tasida rasmiy sayti ishlamayapti. Andijon viloyatining Asaka, Boʻston, Buloqboshi, Shahrixon, Qoʻrgʻontepa, Xoʻjaobod, Izboskan, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahri, Toshkent shahrining Chilonzor, Mirobod, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Shayxontohur, Yakkasaroy, Yunusobod, Bektemir tumanlari, Sirdaryo viloyatining Guliston, Yangiyer shaharlari, Mirzaobod va Xovos tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Mirishkor, Nishon tumanlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus, Toʻrtkoʻl, Taxiatosh tumanlari, Xorazm viloyatining Xiva shahri va Qoʻshkoʻpir tumani, Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo tumanlari, Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahri, Samarqand viloyatining Samarqand tumani, Namangan viloyatining Namangan shahri, Buxoro viloyatining Buxoro tumani hokimligi saytlari ana shunday ahvolda ekani bildirildi», deyiladi xabarda.
Prezident qaroriga muvofiq, 280 dan ortiq davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida birinchi marta axborot xizmati tashkil etildi. 90 dan ortiq tashkilotda axborot xizmatlari tegishli maqom va shart-sharoitlari bilan qayta tashkil qilindi.
«Biroq, haligacha ayrim vazirliklar va idoralar davlatimiz rahbarining qarori talablarini bajarmay kelmoqda. Misol uchun, 3 ta respublika tashkilotida axborot xizmati rahbari axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchi maqomiga ega emas. 10 ta vazirlik va idorada matbuot kotibi mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra tashkilot rahbari oʻrinbosariga tenglashtirilmagan. Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarida matbuot kotibi lavozimi vakant. Hududlarda axborot xizmatlariga qoʻshimcha shtatlar ajratilmaganligi sababli oʻtkazilayotgan tadbirlar, yangiliklar tezkorlik bilan sifatli yoritilmayotir», deyiladi xabarda.
Majlisda Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbariyatiga tizimda ochiqlik siyosati qoniqarsizligi, Sirdaryo viloyati hokimligiga Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Sayxunobod, Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlari hokimliklarida axborot xizmati faoliyati yaxshi tashkil etilmaganligi koʻrsatib oʻtildi.
Ochiqlik siyosati yuzasidan ishlarni yetarli tashkil etmagani, OAV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yoʻlga qoʻymagani uchun Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi A.Abduvaliyev va Andijon shahar hokimi B.Haydarov ogohlantirildi.
Barcha vazirliklar va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklariga qonun va qaror ijrosiga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlab, amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q