Toshkentdagi zapravkada uch xodim zaharli modda sabab hushini yoʻqotdi

Saqlash
15:05 / 06.04.2022 705 0

Toshkent shahri Chilonzor tumanida 5-aprel kuni avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi xodimlari zaharli modda oqibatida hushini yoʻqotgani aniqlandi. Bu haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

 

Qayd etilishicha, shu kuni soat 19:20 da Toshkent shahar FVBga Chilonzor tumani 19-daha al-Xorazmiy koʻchasida joylashgan avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasida 3 nafar ishchi xodim benzin saqlanayotgan sisternalar oraligʻida hushsiz holda yotgani boʻyicha xabar kelib tushgan. Qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borib, hushsiz holda yotgan xodimlarni xavfli hududdan olib chiqib, birinchi yordam koʻrsatgan. Fuqarolar malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi uchun tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga topshirilgan.

 

Toksik moddadan zaharlangan ishchilar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toksikologiya boʻlimiga joylashtirilgan.

 

Voqea sababi oʻrganilganda jabrlanuvchilar shoxobcha hududidagi yer ostiga koʻmilgan 3 dona, har biri katta sigʻimli benzin yoqilgʻisi saqlanayotgan sisternalar orasida yigʻilib qolgan yengil yonuvchan suyuqlikning (benzin) kuchli konsentratsiyasidan hushlarini yoʻqotgani aniqlangan.

 

Voqea joyiga Chilonzor tuman FVB boshligʻi rahbarligida 3 ta qutqaruv ekipaji, 15 nafar shaxsiy tarkib, tuman prokuraturasi, IIB tezkor tergov guruhi va SSV xodimlari jalb qilingan.

 

Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//