Avloniy instituti qayta tashkil etiladi. Toshkent davlat pedagogika universiteti esa XTV tarkibiga oʻtadi

Saqlash
22:22 / 05.04.2022 791 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish davom etmoqda.

 

Prezident kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

 

Eng avvalo, maktab oʻqituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash boʻyicha umummilliy loyiha boshlanadi.

 

Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf oʻqituvchilari yangi metodika asosida oʻqitiladi. Buning uchun:

 

- 1-iyunga qadar har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy taʼlim markazlari tashkil etiladi;

 

- ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar boʻyicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi;

 

- xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy taʼlim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida “trenerlar guruhlari” shakllantiriladi;

 

- mazkur trenerlar esa joylarda maktab oʻqituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar toʻlanadi.

 

Umuman, yuqoridagi yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltiriladi.

 

Prezident bu borada Qoraqalpogʻiston va Samarqand tajribasini koʻrsatib oʻtdi.

 

Misol uchun, Qoraqalpogʻistondagi mobil guruhlar bir oy davomida joyida muallimlarni oʻqitgani natijasida ularning bilim va koʻnikmalari 15 foizga yaxshilangan.

 

Samarqandda 420 nafar ilgʻor pedagoglar tanlab olinib, mobil guruhlar viloyatning 9 ming nafar oʻqituvchilar malakasini oshirishni boshlagan.

 

Avloniy instituti Respublika milliy taʼlim markazi sifatida qayta tashkil etiladi va Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan yagona tizimga aylantiriladi.

 

Umuman, yangi metodikalarga oʻqitish tizimi Milliy taʼlim markazi va Toshkent davlat pedagogika universitetidan boshlanadi.

 

Universitet Xalq taʼlimi vazirligi tarkibiga oʻtadi, maktab oʻqituvchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha respublikadagi tayanch muassasaga aylantiriladi.

 

Hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagogika oliygohlari bosqichma-bosqich universitetlar tarkibidan alohida ajratib chiqariladi va mustaqil taʼlim dargohiga aylantiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//