Afsuski, maktab taʼlimi eski qolipdan chiqa olmayapti – Prezident

Saqlash
22:05 / 05.04.2022 831 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish davom etmoqda.

 

Yigʻilishda respublika boʻyicha 1 ming 526 ta maktab bolalar tarbiyasi, davomat, maʼnaviy muhit boʻyicha “qizil” toifaga kiritilganligi taʼkidlandi.

 

Ayniqsa, Toshkent shahridagi 69 ta maktab, Surxondaryoda 169 ta va Qoraqalpogʻistonda 128 ta, Sirdaryoda 54 ta, Fargʻonada 162 ta, Toshkent viloyatidagi 147 ta maktablarda muhit qoniqarsiz deb topilgan.

 

«Bu tuman va shahar hokimlari maktab masalalari ichiga umuman kirmaganligidan dalolat. Yanvarda oʻtgan selektordan keyin ham ular oʻziga xulosa qilmagan.

 

Ushbu viloyat, tuman va shahar hokimlarini oxirgi marta ogohlantiraman. Agar uch oyda oʻzgarish boʻlmasa, jiddiy chora koʻriladi.

 

Bugungi kunda maktabning eng katta muammosi – oʻqitish metodikasining mutlaqo eskirganligi. Afsuski, maktab taʼlimi eski qolipdan chiqa olmayapti», dedi davlatimiz rahbari.

 

Hamma viloyatlarda Prezident maktablari ochildi, ularda zamonaviy ilgʻor metodikalar asosida taʼlim berilmoqda. Xususiy maktablarda ham bunday ilgʻor metodikalar joriy qilinyapti.

 

“Savol tugʻiladi, qaysi hokim oʻz maktablarida ushbu ilgʻor metodikalarni joriy qilish boʻyicha ishlayapti? Afsuski, hozircha bunday tashabbuslar yoʻq!” dedi Prezident.

 

Shuningdek, respublika boʻyicha ayni paytda 120 ta maktab yuqori koeffitsiyentda ishlamoqda.

 

Bundan tashqari, koʻplab maktab filiallarining ahvoli mutlaqo bugungi kun talabiga javob bermaydi.

 

Maktablarni kompyuter bilan taʼminlash boʻyicha mablagʻlar ajratilgan boʻlsada, Qoraqalpogʻiston, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida ishlar sust ketayotgani tanqid qilindi.

 

Olis va chekka hududlardagi hamda “ogʻir” sharoitdagi maktablarda taʼlim sifatini oshirish bilan bogʻliq ishlar qoniqarsizligi koʻrsatib oʻtildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//