Bogʻchalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilish tartibi maʼlum qilindi

Saqlash
22:54 / 04.04.2022 857 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, joriy yil 1-apreldan boshlab, toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarni pullik xizmat koʻrsatish shaklida qabul qilish tartibi belgilandi.

 

Quyidagilar, 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarni pullik xizmat koʻrsatish shaklida maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilishda amal qiladi:

 

Ushbu tartib 3-7 yoshli bolalar navbatda turgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qoʻllanilmaydi.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tashkil etilgan Ilk rivojlanish guruhlardagi bolalar uchun toʻlov tegishli maktabgacha taʼlim tuman (shahar) boʻlinmasi bilan tashkilot direktori tomonidan kelishilgan holda tasdiqlangan preyskurant narxlar asosida amalga oshiriladi.

 

Ilk rivojlanish guruhlari tarbiyalanuvchilari ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi qonuniy vakili bilan tuziladigan shartnoma bola qabul qilingan kuni oʻrnatilgan tartibda tashkilot direktori tomonidan tuziladi.

 

Ilk rivojlanish guruhlarda tarbiyalanayotgan bola 3 yoshga toʻlgan kundan boshlab ota-ona bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinadi va oʻrnatilgan tartibda tashkilot direktori tomonidan rasmiylashtiriladi.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotida 3-7 yoshli bolalarga moʻljallangan guruh tashkil qilish uchun “Bolalar bogʻchasi” axborot tizimida guruhni toʻldirishning eng kam miqdoridagi bolalar soniga teng navbat shakllangan oyning yakunida Ilk rivojlanish guruhlar faoliyati toʻxtatiladi va bu haqda bolaning ota-onasi yoki uning oʻrnini bosuvchi qonuniy vakili xabardor qilinadi.

 

Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan dam olish kunlarida va ish kuni tugagandan keyin quyidagilarni nazarda tutuvchi Ilk rivojlanish guruhlari tashkil qilish mumkin:

 

- dam olish kunlari va maktabgacha taʼlim tashkilotida ish kuni yakunlangandan keyin bolani parvarishlash, unga qarab turish;

 

- maktabgacha taʼlim tashkilotining oʻquv dasturidan tashqari sport-sogʻlomlashtirish va boshqalar.

 

Shu bilan birgalikda, ilk rivojlanish guruhlari maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi foydalanilmayotgan va jihozlangan xonalarida tashkil etiladi.

 

Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi Ilk rivojlanish guruhlarga bolalar ularning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning va bola sogʻligʻi holati toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa asosida qabul qilinadi.

 

Ilk rivojlanish guruhlarida bolalarning soni 20 nafardan ortiq boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Bolalarni bola qonuniy vakilining arizasi va tibbiy koʻrsatmalar asosida Ilk rivojlanish guruhlardan chiqarib yuborish maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.

 

Ilk rivojlanish guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayonining mazmuni Oʻzbekiston Respublikasida Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablari hamda maktabgacha taʼlim tashkilotining “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturiga hamda muvofiq ishlab chiqilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti dasturida belgilab beriladi.

 

Ilk rivojlanish guruhlarda bolalar bilan mashgʻulotlarni tashkil etishda oʻquv yuklamasi bir haftalik taʼlim yuklamasining eng koʻp ruxsat etilgan hajmidan va mashgʻulotlarning eng koʻp ruxsat etilgan sonidan oshmasligi kerak.

 

Ilk yoshli guruhga tarbiyalanuvchilari uchun toʻlovlar tijorat banklari orqali naqd pulda, plastik kartochkada, elektron toʻlov shaklda yoki pul oʻtkazish yoʻli bilan naqd pulsiz shaklda toʻlanadi. Bunda, toʻlovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi maktabgacha taʼlim tashkilotiga taqdim etiladi (elektron toʻlov bundan mustasno).

 

Ilk rivojlanish guruhlarda koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan 100 foiz miqdorda oldindan toʻlov amalga oshiriladi.

 

Ilk rivojlanish guruhlarda koʻrsatiladigan xizmatlar uchun hisob-kitoblar tarbiyalanuvchilarning davomat tabeli asosida haqiqiy qatnagan kunlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

Ilk rivojlanish guruhlarning tarbiyachi, pedagog va xodimlari mehnatiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda haq toʻlanadi.

 

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari Ilk rivojlanish guruhlarni tashkil etish paytida oʻziga biriktirilgan hamda byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga xarid qilingan asosiy vositalardan foydalanishlari mumkin.

 

Alohida qayd etish joizki, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga byudjetdan tashqari qoʻshimcha mablagʻlarning jalb etilishi byudjetdan moliyalashtirishning kamayishiga sabab boʻlmaydi.

 

Mazkur yoʻriqnoma talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi, deb xabar berdi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//