Madaniyat
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hududdagi qarovsiz qolgan madrasa va madaniy meros obyektlari sabab mutasaddilarga ogohlantirish berdi, deya xabar berdi viloyat matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, hokim mutasaddilar hamrohligida sayyohlarning doimiy diqqat markazida boʻlib kelgan Nodir Devonbegi madrasasining holatini oʻrgangan.
U yerda madrasadagi baʼzi hujralar omborxona vazifasini oʻtayotgani, ular taʼmirtalab, oʻta abgor ahvolda ekani maʼlum boʻldi. Qolaversa, viloyatdagi moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarining aksariyati taʼmirtalab ahvolga kelib qolganligi koʻp bor tanqid qilingan.
Chunki hatto baʼzi yodgorliklarning qarovsizlik oqibatida ham nurab borayotganligi kishini tashvishlantiradi, deyiladi xabarda.
Maʼlumotlarga koʻra, Labi hovuz ansamblining sharqiy qismida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan. Keyinchalik madrasaga aylantirilgan. Madrasa katta masjid, darsxona vazifasini oʻtagan zaldan, toʻrtta darsxona va 28 ta hujralardan iborat boʻlgan.
Qator yillar mazkur maskanda taʼlim berilgan. Sovet hokimiyati yillarida islom diniga qarshi kurash avj olgach, madrasada taʼlim berish toʻxtatilgan. Hozirda u hunarmandchilik markaziga aylantirilgan. Aniqrogʻi, madrasa hujralarining aksariyati mahalliy hunarmandlarga boʻlib berilgan.
“Turistlar bilan doim gavjum boʻladigan ushbu joydagi bunday xunuk manzara, bu yerda tashlandiq holda yotgan hujralarni koʻrgan sayyohning koʻnglidan qanday oʻylar kechadi? Ulugʻ ajdodlarimizning mashaqqatli mehnati evaziga bunyod boʻlgan yodgorliklarga xoʻjasizlarcha bunday munosabatga qanday baho beradi? Oʻz yurtiga qanday taassurotlar bilan ketadi?! Hech boʻlmasa bino ichi va atrofini tozalab, saqlab tursa boʻladi-ku”, - dedi Botir Zaripov masʼullarga yuzlanib.
Kuzatuv davomida Koʻkaldosh madrasasidagi holat ham jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻlgan.
“Milliy meʼmorchiligimiz uslubida qurilgan ushbu ulugʻvor madrasaning bunday ahvolga kelib qolgani, mutasaddilarning bunga eʼtiborsizligini Botir Zaripov keskin qoraladi”, - deyiladi xabarda.
Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov, viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Shahriyorov va madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Sherzod Mahmudovni bir hafta muddatda shahardagi har bitta masjid va madrasani, madaniy meros obyektlarini oʻrganish va ularni obodonlashtirish boʻyicha qatiy ogohlantirgan.
Shuningdek, viloyat hokimining oʻrinbosari Botir Shaxriyorovga joriy yilning 10-apreliga qadar viloyatdagi tarixiy ahamiyatga molik barcha obyektlarni obodonlashtirish topshirigʻini berib, ishga puxta yondashishini tayinlagan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q