Samarqand davlat tibbiyot institutiga universitet maqomi berildi

Saqlash
14:32 / 04.04.2022 1136 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Samarqand davlat tibbiyot universitetini tashkil etish va sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

 

Qarorga muvofiq Samarqand davlat tibbiyot institutini Samarqand davlat tibbiyot universiteti etib qayta tashkil etishga rozilik berilgan.

 

Shuningdek, universitet tarkibida quyidagilar tashkil etiladi:

 

Samarqand viloyati, Samarqand tumani, “Oʻrtashiq” qishlogʻida joylashgan Samarqand viloyati salomatlikni tiklash shifoxonasi negizida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Reabilitologiya va sport tibbiyoti ilmiy-tadqiqot instituti;

 

Samarqand davlat tibbiyot institutining birinchi va ikkinchi klinikalari negizida Samarqand davlat tibbiyot universitetining koʻp tarmoqli klinikasi va Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi;

 

Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.M.Isayev nomidagi filiali va uning klinikasi negizida universitet huzuridagi L.M.Isayev nomidagi Mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti va uning klinikasi;

 

Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi;

 

Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy markazi.

 

Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib uzluksiz tibbiy-kasbiy taʼlim tizimida yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; oʻquv jarayonini amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va innovatsion oʻquv-metodik materiallarni keng joriy etish, klinika va oʻquv bazalari faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyotning uygʻunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish belgilangan.

 

Universitet Samarqand davlat tibbiyot institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

 

Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan talabalar universitetda mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida oʻqishini davom ettiradi hamda bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda davlat namunasidagi universitet diplomi beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//