Magnit boʻroni kuzatilganda qanday yoʻl tutish kerak?

Saqlash
15:19 / 01.04.2022 760 0

Bugun yurtimizda magnit boʻroni kutilmoqda. Bunday vaqtda shifokorlar qanday yoʻl tutish kerakligini tavsiya etishdi.

 

— Magnit boʻroni inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova. — Bundan ayniqsa, arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar koʻproq aziyat chekadi.

 

Yaʼni qon bosimining favqulodda oshib yoki pasayib ketishi ularning salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin. Bu holat organizmda tashqi stresslarga chidamlilikni taʼminlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishi kamayishi bilan izohlanadi. Qolaversa, magnit boʻroni bronxial astma bilan ogʻrigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.

 

Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida eʼtibor qaratish lozim. Koʻproq hoʻl mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini koʻp boʻlgan banan va boshqa sitrus neʼmatlardan isteʼmol qilish zarur.

 

Shifokorning qayd etishicha, magnit boʻroni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish hamda yogʻli va achchiq taomlar isteʼmol qilmaslik tavsiya etiladi.

 

Tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish, uyqudan oldin toza havoda sayr qilish ham maqsadga muvofiq.

 

Oʻz navbatida, mutaxassislar magnit boʻroni paytida ortiqcha zoʻriqtiruvchi ishlar va mashgʻulotlar bilan vaqtincha shugʻullanmaslikni maslahat berishadi.

 

Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa oʻzlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.

 

Kun davomida bir marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi. Qon bosimidan shikoyati bor bemorlar koʻproq suv ichib, shoʻr taomlarni kamroq isteʼmol qilganlari maʼqul. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//