Jamiyat
Oʻzbekistonda 1-apreldan nimalar oʻzgaradi?
2010-yilgacha boʻlgan davrda berilgan haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb hisoblanadi
Hukumat qaroriga binoan 2010-yilgacha boʻlgan davrda berilgan eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari — 2022-yil 1-apreldan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Biroq, Davlat xizmatlari agentligining maʼlum qilishicha, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati 19-martdan boshlab 2 haftaga toʻxtatilgan. Guvohnomani almashtirishning oxirgi muddatlari yangi qaror bilan mutanosib tarzda 2023-yilning 31-dekabrigacha uzaytirilishi kutilmoqda. 2022-yil 1-aprelidan boshlab haqiqiy emas deb topiladigan haydovchilik guvohnomalari boʻyicha, istisno tariqasida chora koʻrilmaydi.
Noqonuniy daraxt kesish holatlari haqida xabar berganlarga 270 ming soʻm mukofot beriladi
Prezident farmoniga muvofiq, aholi tomonidan IIV va Davlat ekologiya qoʻmitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazish boʻyicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar MJTKda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Bunda huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat boʻyicha huquqbuzardan undirilgan mablagʻlar hisobidan BHMning bir baravari (270 ming soʻm) miqdordagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi. Bunda, huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan soʻng kelib tushgan xabarlar boʻyicha ragʻbatlantirish amalga oshirilmaydi.
Jismoniy shaxslarning aksiyalardan oladigan dividendlari daromad soligʻidan ozod qilinadi
Prezident qaroriga asosan 2024-yil 31-dekabrga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti boʻlgan jismoniy shaxslarning aksiyalar boʻyicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlari daromad soligʻidan ozod qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlgan yuridik shaxslarning aksiyalar boʻyicha hisoblangan dividendlar tarzidagi daromadlariga Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar singari foyda soligʻining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning xoʻjalik jamiyatlari obligatsiyalari boʻyicha hisoblangan foizlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻidan ozod qilinadi.
Shuningdek, mahalliy emitentlarga oʻz aksiyalarini dastlab “Toshkent” RFBda joylashtirgandan soʻng anderrayter tavsiyasiga koʻra ularni xorijiy fond bozorlarida yoki bir vaqtda mahalliy va xorijiy fond birjalarida joylashtirish huquqi beriladi.
Ayrim bogʻchalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilishga ruxsat beriladi
Prezident farmoniga koʻra, boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlarning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga toʻlanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinadi. Shuningdek, ularning 3 yoshgacha boʻlgan farzandlari uchun nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi.
Farmonga asosan toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarni pullik xizmat koʻrsatish shaklida qabul qilishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar oʻz huzurida maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Yolgʻiz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sogʻlomlashtiriladi
Prezident qaroriga muvofiq 2022-yil 1-apreldan keksalar uchun quyidagi bir qator ijtimoiy kafolatlar kuchga kiradi:
a) oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sogʻlomlashtiriladi;
b) sharoiti ogʻir va kam taʼminlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;
v) ogʻir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi boʻlgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha boʻlgan summasi kompensatsiya qilinadi;
g) keksalarning jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi muassasalarda (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi;
d) davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari toʻliq qoplab beriladi.
Mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi
Prezident farmoniga koʻra, farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablagʻlari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini uch yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi.
Shuningdek, farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”, “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” va “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etiladi.
Endokrin kasalliklarni erta aniqlash va maqsadli kuzatish uchun tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etiladi
Prezident qaroriga muvofiq endokrin kasalliklarni erta aniqlash va maqsadli kuzatishni taʼminlash uchun tibbiy kuzatuv va patronajning yangi modeli joriy etiladi. Bunda oilaviy shifokorlar endokrin kasalliklarni tashxislash hamda davolash boʻyicha qayta tayyorlanadi, endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan patronaj hamshirasi biriktiriladi va boshqa bir qator choralar koʻriladi.
Ayrim sohalardagi tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi
Prezident qaroriga asosan 2025-yil 1-yanvarga qadar chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari, avtotransportda yoʻlovchi va yuk tashish, transport vositalarini taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani taʼmirlash, agro va veterinariya xizmatlarini koʻrsatuvchi hamda koʻngilochar maskanlarda xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvarga qadar ayrim tuman va shaharlarda belgilanadigan turizm hududlarida roʻyxatdan oʻtgan hamda ushbu hududda umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish), savdo, koʻngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun:
aylanmadan olinadigan soliq stavkasi — 1 foiz;
ushbu hududlardagi obyektlar va ular egallagan yer uchastkasi boʻyicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi miqdorlari — mazkur soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.
Milliy cholgʻu asboblarini ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari beriladi
Prezident qaroriga koʻra, milliy musiqa cholgʻu asboblarini ishlab chiqarishdan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil etadigan tashkilotlar uchun aylanmadan soliq va ijtimoiy soliq stavkasi 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi.
Oʻlim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinadi
Toshkent shahrida tibbiyot muassasalari tomonidan oʻlim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali oʻlim haqida tibbiy maʼlumotnoma shakllantirish tartibi joriy etiladi.
2022-yil 1-iyuldan mazkur tartib butun respublika hududida joriy etiladi.
Vazirlik va idoralar veb-saytlariga talablar kuchaytiriladi
Prezident qaroriga asosan 2022-yil 1-apreldan boshlab vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz rasmiy veb-saytlarida oʻzlarining tarkibiga kiruvchi davlat muassasalarining nomi, faoliyat turi, funksiya va vakolatlari hamda rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni joylashtiradi va uning doimiy ravishda yangilab borilishini taʼminlaydi, davlat muassasalarining hududlar va yuqori turuvchi organlari kesimidagi maʼlumotlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining veb-saytiga joylashtiriladi.
Bundan tashqari, ochiq maʼlumotlar portalida foydalanuvchilar uchun qulay formatlarda koʻrish imkoniyatini yaratgan holda muassasalarning yuqori turuvchi tashkiloti, koʻchmas mulk obyektlari, qurilishi tugallanmagan obyektlar va avtotransport vositalari, rejalashtirilgan va amalga oshirilgan xarajatlar tarkibi haqidagi va boshqa maʼlumotlarni eʼlon qilish amaliyoti joriy etiladi.
Mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasining eng kam miqdori oshiriladi
Prezident farmoniga asosan mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda — 440 000 soʻmdan 622 000 soʻmgacha oshiriladi.
Shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan qonuniy vakilga har oyda 500 ming soʻm miqdorida nafaqa toʻlovi (parvarishlash nafaqasi) joriy etiladi.
“UzAuto Motors” bilan shartnoma tuzilganda avtomobil shartnoma tuzgan shaxs nomiga rasmiylashtiriladigan tartib kuchga kiradi
Hukumat qaroriga koʻra, “UzAuto Motors” AJ tomonidan avtomototransport vositasini xarid qilish boʻyicha shartnoma tuzgan shaxsga avtomatik ravishda rasmiylashtiriladigan hisob-maʼlumotni IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga faqat elektron shaklda taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.
Davlat moliyaviy nazorati sohasidagi qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarga mukofot toʻlanadi
Davlat moliyaviy nazorati sohasida qoidabuzarliklar holatlari toʻgʻrisida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga “Davlat auditi” dasturiy kompleksi orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, ushbu maʼlumot asosida moliyaviy tekshiruvlar jarayonida aniqlanib, davlat foydasiga undirilgan mablagʻlar hisobidan mukofot toʻlanadi.
Poyabzal ishlab chiqaruvchilardan ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorda undiriladi
2025-yil 1-yanvargacha quyidagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorda undiriladi:
ishlab chiqaruvchining yalpi tushumida bolalar, ayollar va sport poyabzallari, sunʼiy (eko) charm, furnitura, poyabzal qoliplari va tagliklari ishlab chiqarishdan tushgan tushumning ulushi hisobot davri yakuni boʻyicha kamida 60 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar;
yalpi tushumining umumiy hajmida poyabzallar, charm-attorlik mahsulotlari va moʻynadan tayyorlangan buyumlar eksportidan tushgan tushumning hajmi 80 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar.
Jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlari qoplab beriladi
Prezident qarori bilan 2025-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlarini qoplash uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan BHMning ikki barobaridan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratiladi.
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari barcha hududlarda tashkil etiladi
Davlat bojxona qoʻmitasining bojxona organlarining umumiy cheklangan shtatlar soni doirasida toifadan tashqari maqomga ega boʻlgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari qoʻmitaning barcha hududiy boshqarmalarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab qoʻmitaning Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari boʻyicha boshqarmalarida tashkil etilgandi.
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q