Oʻzbekistonda Atletlar komissiyasi tuzildi

Saqlash
19:41 / 31.03.2022 966 0

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida Atletlar komissiyasi tashkil etildi. Uning tarkibi shakllantirildi.

 

Kuni kecha Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, sportchi va murabbiylar ishtirokida mazkur komissiyaning tuzilishiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

 

Unda sportchilarning faolligini oshirish, ularning oʻz ovoziga ega boʻlishlarini taʼminlash hamda manfaatlarini himoya qilishda mazkur komissiyaning ahamiyati beqiyosligi taʼkidlandi.

 

Yigʻilish davomida Xalqaro olimpiya qoʻmitasi talablari asosida tegishli sport federatsiyalari tomonidan tavsiya etilgan 12 nafar sportchi orasidan ovoz berish yoʻli bilan Atletlar komissiyasi aʼzolari, uning rahbar organi saralab olindi.

 

Yopiq ovoz berish tarzida oʻtgan saylash jarayonida Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi), Rishod Sobirov (dzyudo), Dmitriy Shokin (taekvondo), Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash), Zaynab Dayibekova (qilichbozlik), Svetlana Radzivil (yengil atletika) va Komiljon Toʻxtayev (togʻ changʻisi) mazkur komissiya aʼzoligiga saylanishdi.

 

Komissiyaga rahbar va oʻrinbosarlar tarkibi shakllantirildi. Unga koʻra, Dmitriy Shokin komissiya raisi, Oksana Chusovitina hamda Bekzod Abdurahmonov uning oʻrinbosarlari sifatida tanishtirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//