Oʻzbekistonlik tadbirkor BAAga topinamburdan shifobaxsh mahsulotlar yetkazib beradi

Saqlash
21:35 / 30.03.2022 748 0

BAA “Dubai Expo 2020” Oʻzbekiston milliy pavilyonida boʻlib oʻtayotgan Innovatsion rivojlanish vazirligi koʻrgazmasi doirasida qator xorijiy kompaniyalar, biznes vakillari, tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda va ularning natijalariga koʻra turli oʻzaro manfaatli hujjatlar imzolanmoqda. 

 

Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan topinamburdan eksportbop shifobaxsh biologik faol qoʻshimcha ishlab chiqarish boʻyicha startap loyihasi muallifi va ayni paytda “Yashnobod” texnoparki rezidenti boʻlgan “PARADISE FLORA” MCHJ rahbari Zilola Moʻminjonova ham koʻrgazmada ishtirok etib, potensial investorlarga oʻz loyihasi taqdimotini oʻtkazdi.

 

Boʻlib oʻtgan muzokaralardan soʻng, Birlashgan Arab Amirliklarining “GULF SMART GENERAL TRADING” kompaniyasi hamda “PARADISE FLORA” MCHJ oʻrtasida memorandum imzolandi.

 

«Dubayga tashrifim samarali oʻtmoqda. Bu yerda BAAning bozorini oʻrganib, aynan qaysi turdagi mahsulotimiz xaridorgir ekaniga aniqlik kiritish imkoniga ega boʻldik. Hamkorlarimizning istaklari va bozor talabiga koʻra, topinambur va boshqa mahalliy dorivor oʻsimliklardan turli shakllardagi mahsulot ishlab chiqararmiz. Hozirda biz topianmbur kukuni solingan non, shirinliklar yaratish ustida izlanishlar olib boryapmiz. Sifatli, mazali va foydali mahsulotlarimiz koʻlamini yanada oshirish maqsadida laboratoriyamizda tadqiqotlar keng koʻlamda olib borilmoqda», deydi Z.Moʻminjonova.

 

Taʼkidlash joizki, hozirgacha mazkur startap loyiha doirasida 13 dan ortiq biologik faol qoʻshimchalar tarkibi, formulasi va ularni ishlab chiqarish texnologiyasi shakllantirilgan boʻlib, biologik faol qoʻshimchalarni ishlab chiqarish va sotish orqali 350 mln. soʻm daromadga erishildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//