Prezident hududlardagi barcha ixtisoslashgan markaz rahbarlarini qatʼiy ogohlantirdi

Saqlash
23:47 / 28.03.2022 1274 0

Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

 

Yigʻilishda sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilinmoqda.

 

Qayd etilishicha, birinchi masala - tibbiyot sohasi vakillari bilan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini aprel oyida tashkil etish.

 

Davlatimiz rahbari oʻtgan hafta alohida farmoyish imzolanib, 7 ta yoʻnalishdagi 50 ta tadbir va ularning har biri uchun masʼullar belgilanganini taʼkidladi.

 

«Xalqimizga aytgan hamma tashabbuslarimiz boʻyicha qarorlar tez kunlarda qabul qilinadi.

 

Lekin, amaliy ijroni bir kun ham kechiktirib boʻlmaydi.

 

Shuning uchun, bir oylik amaliy ish tizimiga oʻtamiz. Vazir, ixtisoslashgan markaz rahbarlari va hokimlar oʻzlarining oyma-oy rejasini ishlab chiqib, amalga oshiradi.

 

Ushbu rahbarlarning aprel oyi uchun ish rejalari bilan tanishib chiqdim.

 

Qoraqalpogʻiston, Andijon, Surxondaryo hamda Kardiologiya va Xirurgiya markazlari masalaning sal boʻlsayam ichiga kirgan.

 

Lekin, qolgan markazlarning ham, hududlarning ham ish rejasi “shablon” koʻrinishida. Birortasi tuman darajasida nima ish qilishini oldiga vazifa qilib qoʻymagan», dedi Prezident.

 

Prezident mavzuni davom ettirdi:

 

«Misol uchun, Urologiya va Onkologiya markazlari aprel oyida viloyatlarda bor-yoʻgʻi 5 tadan, Akusherlik va ginekologiya markazi esa 15 ta yuqori texnologik operatsiya oʻtkazishni reja qilgan.

 

Yoki, Koʻz mikroxirurgiyasi markazi xodimlari har oyda joyiga chiqib 50 tadan operatsiya oʻtkazgani bilan, aprelda hududga borganda atigi 3 nafar mutaxassisning malakasini oshirmoqchi.

 

Barcha markazlar rahbarlarini qatʼiy ogohlantiraman. Agar:

 

- oʻzi boshchiligida joylarga chiqib, yangi davolash amaliyotlarini oʻtkazmasa;

 

- yuqori texnologik operatsiyalarni hududlarda joriy etmasa;

 

- viloyat va tuman mutaxassislarini bunga oʻrgatmasa, oʻzgarish boʻlmaydi. Odamlarimiz sarson boʻlib, poytaxtga kelaveradi» dedi davlat rahbari.

 

Shu bois, aprel markazlar rahbarlari uchun chinakam sinov oyi boʻlishi, masalaning mohiyatiga kirib, oʻz ish faoliyatini oʻzgartirmagan rahbarlarga qatʼiy choralar koʻrilishi koʻrsatib oʻtildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//