Oʻpka saratonini davolovchi robot yaratildi

Saqlash
23:38 / 28.03.2022 1192 0

Avvallari bemorlarni davolayotgan yoki operatsiya qilayotgan robotlarni faqat fantastik filmlarda koʻrganmiz. Endi esa bu xayolotlar haqiqatga aylanmoqda.

 

Jarrohlik sohasida innovatsion texnologiyalar, xususan, oʻta aniqlikda ishlovchi robotlardan foydalanilishi zamonaviy tibbiyot imkoniyatlarini misli koʻrilmagan darajada kengaytirdi.

 

Eʼtiborlisi, sunʼiy idrok bilan boshqariladigan bunday qurilmalar hech qachon toliqmaydi va kuniga 24 soat davomida tanaffussiz ishlay oladi.

 

Buyuk Britaniyaning Lids universiteti olimlari uzoq izlanishlardan soʻng oʻpka saratonini aniqlash va davolashda qoʻl keladigan robot yaratdi.

 

Ushbu innovatsiya oʻpka va bronxlarning eng nozik qatlamlaridagi saraton toʻqimalaridan namuna olishga qodir. Qolaversa, uning yordamida xavfli oʻsimtalar joylashgan nuqtalarning oʻziga yuqori aniqlikda va samarali tarzda dori yetkazib berish mumkin.

 

Buning uchun robotning maxsus mitti naysimon moslamasi burun yoki ogʻiz boʻshligʻi orqali bronxial yoʻllarga kiritiladi. U yumshoq elastomerdan yasalgan va mayda magnit zarrachalari bilan jihozlangan. Shu sababli juda moslashuvchan boʻlib, oʻpkaning murakkab burilishlari boʻylab ishlashga qodir.

 

“Yangi ixtiro oʻpka kasalliklarini tekshirish va davolashda qimmatli vosita boʻladi, — deydi tadqiqot rahbari, professor Pyetro Valdastri. — Shuningdek, u tashxis jarayonida bemorlarning rentgen nurlaridan zararlanishiga ehtiyoj qoldirmaydi”.

 

Mutaxassislar fikricha, robot tez orada dunyoning yetakchi klinikalarida eng ogʻir kasalliklarni muolaja qilishda keng qoʻllanila boshlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//