“Adolat” partiyasi vakili “Ochiq byudjet” portalida mablagʻ ajratishga ovoz berish jarayonini “tilanchilik” deb atadi

Saqlash
22:30 / 28.03.2022 1155 0

“Adolat” SDP markaziy apparati boshqarma boshligʻi Gulniso Saidova “Ochiq byudjet” portalida mablagʻ ajratishga ovoz berish jarayonini “tilanchilik” deb atadi. Uning maqolasi partiya rasmiy saytida eʼlon qilindi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, “XXI asr – buyuk texnologiyalar asri, lekin, buyuk texnologiyalardan “oʻzgacha” maqsadlarda foydalanish yoʻlga qoʻyilmoqda”.

 

“Meni va men kabi koʻpchilik boshqa yurtdoshlarimizni XXI asrda oʻylab topilgan yangicha bir kashfiyot eʼtiborimizni qaratmoqda – “tilanchilik”. Bu tilanchilik oʻzlariga qadrdon boʻlgan tashkilot, maktab, bogʻcha va hokazolar uchun davlatning mablagʻ ajratilishi uchun tilanchilikdir”, - dedi Gulniso Saidova.

 

Uning fikricha, “eshitilishi qoʻpol boʻlsa ham bu baribir tilanchilik deyiladi”.

 

“Bu oʻylab topilgan tizimmi, innovatsion gʻoyami farqi yoʻq. Yurtdoshlarimiz davlat tomonidan ajratilishi aytilgan mablagʻni yutib olishga oʻquvchi, talaba, ota-onalarga hattoki, tanish va notanishlarga iltimos qilib ovoz berishlariga majbur boʻlayotganliklarini koʻryapmiz. Buning oqibatida hatto shu masalada ham yana oʻsha tanish bilishchilik yoki koʻz boʻyamachilikka sabab boʻlib qolmaymizmi?!”, — deya savol bilan yuzlangan u.

 

Partiya boshqarma boshligʻi “aslida, Prezident qoʻyayotgan talab qanday edi-yu, bu ijroda qanday koʻrinishda amalga oshirilayotganini” soʻroq ostiga olgan.

 

Bundan tashqari, u bu muammoni yozishiga sabab boʻlgan voqeani ham keltirib oʻtgan.

 

“Kuni kecha „Xalqlar doʻstligi“ sanʼat saroyiga konsertga borgandim. Sal vaqtliroq borganim uchun koʻchadagi skameykada konsert boshlanishini kutib oʻtirgan edim. Bir vaqt yonimga oʻrta yoshli notanish kishi kelib oʻtirdi. Bu noqulaylikdan oʻngʻaysizlanib, turib ketishga endi harakat qilayotganimda bu odam uzr soʻrab gapirib qoldi”, — deya soʻzlab berdi u.

 

Gulniso Saidovaning soʻzlariga koʻra, galstuk taqqan, koʻrinishidan ziyoli odam quyidagicha iltimos bilan murojaat qilgan: “Men maktab direktoriman, maktabimizning sport zali oʻta taʼmirtalab boʻlib qolgan, davlat mablagʻlarini toʻgʻri yoʻnaltirish boʻyicha tenderda qatnashyapmiz, qancha koʻp ovoz toʻplasak taʼmirlash uchun zarur mablagʻni yutib olishimiz mumkin. Iltimos, shunga oʻz raqamingizdan ovoz berib yuborsangiz”.

 

 

 

“Men uzr soʻrab, oʻz ovozimni allaqachon boshqa maktabning taʼmirlanishi uchun berib boʻlganimni aytdim. U kishi yana bir bor uzr soʻrab uzoqlashdi. Nima uchun oʻquvchilar va talabalarning taʼlimi, tarbiyasi bilan shugʻullanishi kerak boʻlgan masʼullarni ovoz toʻplash uchun tilanchilarga aylantirishimiz kerak?”, – dedi partiya vakilasi.

 

Uning taʼkidlashicha, aslida, bu kabi muammolarni aniqlash va zarur mablagʻlarni aynan oʻsha joyga yoʻnaltirish boʻyicha shugʻullanuvchi maxsus idora va tashkilotlar bor.

 

“Nega bu muammolar yechimini topish «oʻziga hos uslub”da xalqning oʻziga qolib ketmoqda?! “Xalq ravnaqi uchun xizmat qiladi” deb oʻylangan uslub davlatga, hukumatga nisbatan xalqning ishonchsizligini keltirib chiqarmayaptimi?! Shu va shunga oʻxshash masalalarda, albatta, masʼul qilib belgilangan tegishli tashkilotlar oʻzining pozitsiyasini, ishbilarmonligini namoyon etishni bilishi kerak», – degan Gulniso Saidova.

 

Uning qoʻshimcha qilishicha, “oʻz vazifalarini bajarmayotgan amaldorlar buni tan olib, oʻz joylarini vatanparvar kadrlarga boʻshatib berishlari maqsadga muvofiq boʻladi”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//