“Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovi g‘oliblari qanday taqdirlanadi?

Saqlash
16:55 / 26.03.2022 1779 3

Ayni paytda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda o‘tkazayotgan  “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovining tuman bosqichiga ishtirokchilarni saralash jarayonlari davom etmoqda.

Tanlov e’lon qilingach, Oyina.uz portaliga targ‘ibotchilar tomonidan minnatdorchilik maktublari kelib tushdi. Ular tomonidan bildirilgan taklif va savollarga tanlov tashkiliy qo‘mitasi a’zosi To‘xtasin Arslonovdan javob oldik.

–Ushbu tanlovda qatnashish uchun targ‘ibotchilar qayerga murojaat qilishi lozim?

–Tanlov nizomiga ko‘ra, unda respublikamizdagi barcha umumta’lim maktablarining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari ishtirok etishlari mumkin. Targ‘ibotchilar o‘zlari faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasasi joylashgan hududdan qatnashadilar. Ular 10-aprelga qadar tuman ma’naviyat bo‘linmalariga ariza, ijodiy faoliyati aks etgan hujjatlar (foto-albom) bilan murojaat qilishlari lozim.

–Tanlov ishtirokchilari qay tarzda baholanadi?

–Har bir tuman bo‘linmalarida tuzilgan hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilarning bilim, malaka va ko‘nikmalarini aniqlab ball qo‘yadi. Bunda targ‘ibotchining ijodiy to‘garakda nechta bolani qamrab olgani, ular bilan olib borilayotgan ishlar sifati, maktabda nechta yosh shoir-yozuvchilar kashf etilgani, o‘quvchilar orasida kitobxonlik darajasi oshgani, adabiy kechalar, tanlovlar, uchrashuvlar, ijod maktablariga sayohatlar qay darajada tashkil etilgani, OAVda ularning yoritilgani, targ‘ibotchining shaxsiy ijodiy yutuqlariga e’tibor qaratiladi.

–Faqat respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar taqdirlanadimi?

– Yo‘q, ishtirokchilar barcha bosqichlarda rag‘batlantiriladi. Tuman bosqichida yuqori ball to‘plagan ikki nafar birinchi o‘rin g‘oliblari keyingi bosqichga o‘tadi. Tuman bosqichi g‘oliblariga faxriy yorliq, pul mukofoti, maktabga esa 3 mln (1-o‘rin), 2 mln (2-o‘rin), 1 mln (3-o‘rin) so‘m miqdoridagi kitoblar jamlanmasi topshiriladi.

Hududiy bosqichda ham ishtirokchilar shu tarzda baholanadi va ikki nafar birinchi o‘rin g‘oliblari respublika bosqichiga yo‘llanma oladi. Hududiy bosqichda 1, 2, 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarga faxriy yorliq, qimmatbaho sovg‘alar, bir lavozim maoshiga teng pul mukofoti topshiriladi, ular ishlaydigan maktabga esa 5, 4, 3 mln so‘mlik kitoblar jamlanmasi beriladi.

Respublika bosqichi g‘oliblariga (bir nafar ayol va bir nafar erkak) esa Xalq ta’limi vazirligining faxriy yorliqlari, “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko‘krak nishoni, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi, ularning maktablariga kitoblar jamlanmasi topshiriladi. Respublika bosqichining barcha ishtirokchilariga ikki oylik maosh miqdorida pul mukofoti beriladi.

–Tanlov adolatli o‘tadimi, degan savol ham kelib tushgan.

–Albatta, hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilarning faoliyatini ochiq, xolisona va haqqoniylik bilan baholaydilar.

–Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari o‘rtasida ham tanlov tashkil etish yuzasidan takliflar bildirilmoqda. Bu haqda nima deysiz?

–Bu ishlar ham kelgusi rejalarimizda ko‘zda tutilgan, taklif va e’tibor uchun rahmat.

3 Izohlar

Latofat Bo‘ronova

12:01 / 01.01.1970

Shu yil bu tanlovda qatnashib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. Bu tanlov har tomonlama menga yoqdi desam xato bo‘lmaydi.

Gulasal

12:01 / 01.01.1970

Menga ham juda yoqdi .

Dilorom

12:01 / 01.01.1970

Men ham bu tanlovda qatnashmoqchiman. Bilganlarimni o‘rgatib, bilmaganlarimni o‘rganmoqchiman

Izoh qoldirish

//