Yulduz Usmonova muxlislaridan uzr soʻradi

Saqlash
21:33 / 25.03.2022 1287 0

Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konsertida boʻlib oʻtgan holat yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi. Bu haqida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Taʼkidlanishicha, oʻrganish ishlari ushbu konsert dasturini tashkil etgan “MEDIA MY GRAND” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbariyati, “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi maʼmuriyati hamda xonanda va uning prodyuseri ishtirokida oʻtkazilgan.

 

Unga koʻra, konsert dasturining kechki seansida badiiy dasturning 2-blogida xonanda tomonidan “Ona” qoʻshigʻi kuylash jarayonida, sahnadan pastki oʻrindiqlarda oʻtirgan nomaʼlum tomoshabin tarafidan xonandaga baland ovozda murojaat qilingan, ammo xonanda mazkur murojaatning mazmunini tushunmagan. (Yulduz Usmonova: mendan qandaydir qoʻshiqni soʻradi deb oʻyladim) Xonanda tomonidan qoʻshiqni kuylash davom ettirilgan. Biroq, zalda oʻtirgan bir nechta tomoshabin baland ovozda xonandaga takror murojaat qilgandan soʻng, bu orada boshqa tomoshabinlar baland ovozda xonandaga murojaat qilayotgan tomoshabinlarga eʼtiroz bildirishni boshlashgan, xonanda tomoshabinlar oʻrtasida janjal chiqmasligi uchun kuylashni toʻxtatib, nima masala boʻlayotganligiga oydinlik kiritgan. (Yulduz Usmonova: konsertni atay buzish uchun, tomoshabinlarga xalaqit berish maqsadida, “zakaznoy” yollangan “tomoshabin”lar deb oʻyladim)

 

Xonanda Yu.Usmonova boshqa tomoshabinlarga xalaqit berayotganlarga hissiyotga berilgan holda, qattiq gapirganligini, u oʻsha paytdagi asl vaziyatni notoʻgʻri tushunganini, muxlislarini juda yaxshi koʻrishini, tomoshabinlarning isteʼmolchi sifatidagi huquqlarini hurmat qilishini, uning aytgan soʻzlari muxlislariga tegishli emasligini, oʻsha kundagi tushunmovchilik uchun uzr soʻrashini taʼkidlab oʻtgan.

 

“Federatsiya tomonidan xonanda Yulduz Usmonovaning soʻzlarida kasb etikasi va odob-axloq qoidalariga rioya qilinmaganlik holati (litsenziya talablariga rioya qilish) yuzasidan tegishli soʻrov koʻrib chiqilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va «Oʻzbekkonsert” davlat muassasasiga yuborildi», deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//