Jamiyat
Qashqadaryo hokimi Murodjon Azimov 23-mart kuni boʻlib oʻtgan apparat yigʻilishida mahalliy byudjet mablagʻlariga shaxsiy piarini yoʻlga qoʻygan hokimlar faoliyatini tanqid qilgan. Bu haqida “Daryo” xabar bermoqda.
“Viloyat hokimi xalqdan olingan soliq tushumlari hokimlarning shaxsiy piari uchun sarflanishi umuman notoʻgʻri ish ekanini aytdi. Aynan Shahrisabz shahri hokimiga dakki berdi. Murodjon Azimov, shuningdek, Shahrisabz shahri hokimining boshqa hokimlarni yerga urish evaziga maqtov olishini yomon baholadi”, — deydi “Daryo” manbasi.
“Daryo” muxbiri mazkur masala yuzasidan Shahrisabz shahri hokimi Akrom Sulaymonov bilan suhbatlashgan. Akrom Sulaymonov viloyat hokimining apparat yigʻilishida aytgan bu fikrlari unga qaratilmaganini, mahalliy byudjet mablagʻlari evaziga hech qanday shartnomaviy munosabatlar oʻrnatmaganini bildirgan.
“Nima uchun bu haqda aynan mendan soʻrayapsiz? Qaysi hokim haqida gapirganini bilmoqchi boʻlsangiz, unda viloyat hokimining oʻzidan soʻrang. Mening bu ishlarga umuman aloqam yoʻq. Biz hech kim bilan shartnoma qilmaganmiz va umuman piarga pul sarflamaganmiz. Qoʻshimcha savollar boʻlsa, hokimlikning axborot xizmatiga bogʻlanib, axborot olishingiz mumkin”, — dedi Akrom Sulaymonov.
Maʼlum boʻlishicha, Shahrisabz shahri hokimi Akrom Sulaymonov 2022-yil 7-mart kuni yangi qarorga imzo chekkan. Hokimning mahalliy byudjetning 2022-yil erkin qoldiq mablagʻlari hamda 2022-yil zaxira mablagʻlari hisobidan tegishli xarajatlar uchun mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi qaroriga koʻra, 135 million soʻm mablagʻ ajratilib matbuot va ommaviy axborot vositalaridan foydalanish xarajati sifatida chiqim qilinishi belgilangan.
Xalq toʻlagan soliqdan ajratilgan 135 million soʻm mablagʻ matbuot va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda qay tartibda sarflanishiga aniqlik kiritish maqsadida shu mablagʻlar sarflanishini nazorat qiluvchi shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Akamurod Uzoqov bilan suhbatlashilgan.
“Bu mablagʻni qilinayotgan barcha ishlarimizni ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun sarflaymiz”, — deya javob bergan Akamurod Uzoqov.
Shahrisabz shahri hokimi Akrom Sulaymonov esa oʻrinbosari tan olgan holatni umuman inkor etdi.
“Daryo” muxbirining aniqlashtirishicha, Shahrisabz shahri hokimi 2021-yilda ham qilingan ishlarini ommalashtirish maqsadida OAV vakillari, xususan blogerlar bilan 128 million soʻmlik shartnoma imzolab, mahalliy byudjet mablagʻlaridan oʻzboshimcha foydalangan.
“Shu 128 million soʻm notoʻgʻri sarflangani uchun oʻtgan yili shahar hokimi va hokimlik masʼullari ancha yugur-yugur qilishgandi. Koʻpchilikka pulni qayerga sarflagani va qay tartibda xarj qilganiga javob berolmay qiynalgandi. Endi bu yil oʻsha xatosini takrorlamaslik uchun mahalliy byudjetdan qonuniy tartibda mablagʻ ajratgan. Ammo endi bu holatni viloyat hokimi tanqid qildi va xalqning puli hokim shaxsiyatini olqishlash uchun sarflanishi kerak emas dedi”, — degan “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan manba.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q