Fargʻonada atmosferaga zarar yetkazayotgani sabab 2 ta korxona faoliyati vaqtincha toʻxtatildi

Saqlash
14:52 / 25.03.2022 1249 0

Atmosfera havosiga yetkazilayotgan zarar sabab 2 ta korxona faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. Bu haqida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida joylashgan korxonalarning tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan oʻrganish olib borilgan.

 

Oʻrganishga Ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazining mobil laboratoriyasi jalb qilinib, hududdagi atmosfera havosidan namunalar olinib, tahlil ishlari amalga oshirilgan. Unga koʻra, ammiak moddasi 4 ta nuqtada – 1,5 dan 23,6-martagacha hamda vodorod sulfidi moddasi 2 ta nuqtada - 3,2 dan 4,6-martagacha belgilangan meʼyorlardan ortiqligi aniqlangan.

 

Oʻrganish yakunida sement ishlab chiqaruvchi “Moderna Cement Industries” MCHJ QK hamda gips ishlab chiqaruvchi “Sement xom-ashyo savdo” MCHJda mavjud chang-gaz tozalash uskunalari nosozligi tufayli ish faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//