USAID SSVga tuberkulyozni bir kunda aniqlaydigan 16 ta ekspress-diagnostika uskunasini sovgʻa qildi

Saqlash
22:24 / 24.03.2022 762 0

Robert Kox tomonidan 1882-yil 24-mart kuni sil kasalligi patogeni aniqlangani munosabati bilan shu kun Jahon silga qarshi kurash kuni etib belgilangan.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berishicha, Oʻzbekiston JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo mamlakat sifatida 53 davlat orasida silga qarshi kurashish dasturining bajarilish natijalari boʻyicha 2-oʻrinni egallaydi.

 

«Avvallari yurtimizda tuberkulyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilardi. Hozirgi kunda esa bu kasallikka genno-molekulyar usuli orqali bor-yoʻgʻi 70 daqiqa ichida aniq tashxis qoʻyilmoqda.

 

Yurtimizda sil bilan kasallanish koʻrsatkichi 2,5 barobarga, oʻlim koʻrsatkichi 6-8 barobarga qisqardi. Oʻz navbatida, davolash samaradorligi 91,2 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu koʻrsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija koʻlami yanada yaqqolroq koʻzga tashlanadi», deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva.

 

Taʼkidlanishicha, bu borada USAID Oʻzbekistonga yaqindan koʻmak berib kelmoqda. Xususan, mazkur agentlik tomonidan soʻnggi olti oy davomida mamlakatimizga umumiy qiymati qariyb 700 ming AQSH dollariga teng tuberkulyozni tezkor diagnostika qilishga moʻljallangan GeneXpert tizimlarini begʻaraz taqdim etilgan. Ushbu uskunalar sanoqli soatlar ichida tibbiy test natijalarini taqdim etish imkoniga ega.

 

GeneXpert tizimi, shuningdek, kasallikning maʼlum bir turini davolash uchun buyuriladigan antibaktiral preparatlarga chidamlilikni tekshirishga ham yordam berib, shifokorlarga bemor uchun eng samarali dori-darmonlarni tanlash, qolaversa, kasallikni erta aniqlash va oʻz vaqtida muolaja qilish imkonini beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//