Iqtisod
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida yana bir muhim voqea — Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga bagʻishlangan marosim boʻldi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev boʻlajak stansiyaning quvvati va samaradorligi haqida soʻzladi.
Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 200 million dollar boʻlib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi, yiliga 12 milliard kilovat-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar oʻrnatilib, yiliga 1 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Majmua Surxondaryodagi birinchi, oxirgi yillarda Oʻzbekistonda barpo etiladigan eng yirik issiqlik elektr stansiyasi boʻladi. Bu hududning cheksiz iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishga katta imkoniyatlar yaratadi.
Masalan, Surxon hududi neft, gaz, koʻmir, qimmatbaho va rangli metallar, koʻp turdagi bezak toshlar kabi 100 dan ortiq konlarga ega boʻlsa-da, ular yetarli darajada oʻzlashtirilmagan. Shuning uchun kelgusi besh yilda bu viloyatda 7 milliard dollarlik 5 mingdan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, bu stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Surxondaryodagi 500 ming xonadonni ham nurga toʻldiradi. Bundan tashqari, qoʻshni Afgʻonistonga yiliga kamida 3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi.
Loyiha Germaniyaning Siemens Energy, Fransiyaning IDEF, Niderlandiyaning Stone City Energy kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlat rahbari bunga alohida eʼtibor qaratib, sohada xususiy kapital ishtirokiga keng imkoniyatlar ochilayotganini taʼkidladi.
“Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani toʻliq transformatsiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. Soʻnggi uch yilda umumiy quvvati 1 ming megavattdan ziyod boʻlgan 5 ta elektr stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hozirgi kunda mamlakatda quvvati 9 ming megavatt boʻlgan yana 19 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod.
Prezident tadbirda ishtirok etgan xalqaro moliyaviy institutlar va kompaniyalar rahbarlariga minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi loyihalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini yana bir bor taʼkidladi.
Tadbirda ishtirok etgan Siemens Energy kompaniyasi prezidenti Kristian Brux va IDEF kompaniyasi ijrochi direktori Beatris Buffon Oʻzbekistonda energetika tizimi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinayotganini yuqori baholadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, yana koʻplab loyihalarda qatnashish istagida ekanliklarini taʼkidlashdi.
Shundan soʻng, davlat rahbari ramziy tugmani bosib, issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdi. Mazkur stansiyani 2024-yil oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q