El-u yurtga ardoqli, izzatli edi

Saqlash
17:19 / 24.03.2022 1330 0

Oʻzbek sahna va kino sanʼati yana bir ogʻir judolikka uchradi: Oʻzbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 82 yoshida boqiy dunyoga ketdi.

 

Bu ajoyib insonning botini-yu zohirida oʻktamlik, shijoat, hayotsevarlik, matonat, mehr-muhabbat ulashishda daryolik fazilatlari mujassamlashgan edi. Maryam Ixtiyorova XX asrning ilgʻor ziyoli-sanʼatkori sifatida zamon bilan qanchalar hamqadam boʻlsa, betakror hofiz Komiljon Otaniyozov, eʼtiborli va mehribon Razzoq Hamroyev, qalb nuri doim yuzlarida jilvalangan munisa Lutfixonim Sarimsoqova, quvnoq va zukko Soyib Xoʻjayev, teatr jamoasini ona boʻlib yaxshi koʻrgan, avaylab-ehtiyotlagan Farogʻat Rahmatova kabi ustozlar tarbiyasi sharofatidan oʻzbekona fazilatlarning bekasi boʻldi.

 

Talabalik davrida (1959-yili) atoqli sanʼatkor Razzoq Hamroyev taklifi bilan Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatriga ishga kelgan Maryam Ixtiyorova mana shu dargohda umrining oxirigacha xalqqa xizmat qildi: “Paranji sirlari” spektaklida Mastura, “Toshbolta oshiq”da Karomat, Risolat, “Jon qizlar”da Kunsuluv, “Devona”da Ona, “Toshkentning nozanin malikasi”da Xayri, “Almandar uylanarmish”da Xadicha, “Muhabbat navosi”da Ona, “Oy onam – qaynonam”da Qumri, “Mehr nuri”da Norgul momo, Hojar, “Jaydari kelin”da Karima, “Arshin mol-olon”da Jahon xola kabi 100 dan ortiq obrazlarni yuksak mahorat bilan elga taqdim etdi. Aktrisaning “Vodillik kelin”, “Buvimni qaytaring”, “Zarba”, “Bomba”, “Dev bilan pakana”, “Er bermoq – jon bermoq”, “Kelgindi kelin” kabi badiiy filmlarda, shuningdek, “Koʻngil koʻchalari”, “Opa-singillar”, “Tutash taqdirlar”, “Ona daryo”, “Bir kam dunyo” singari teleseriallarda yaratgan qahramonlari tomoshabinlar qalbidan, sanʼatimiz xazinasining oltin fondidan joy oldi.

 

Respublika radiosining “Tabassum” telejurnali dasturlariga Maryam Ixtiyorovaning joʻshqin tuygʻulardan jilolangan jarangdor ovozi necha oʻn yillar davomida oʻzgacha ruh, kayfiyat baxsh etdi. Sanʼatkorni odamlar qanchalar sevsa, uning qalbi ham xalqqa mehr-muhabbat, iftixor, talpinish bilan limmo-lim edi. Respublikamizning uzoq-yaqin hududlarida boʻladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda, uchrashuvlarda yorqin sanʼati, yurtparvarligi, xalqsevarligi, odamshavandaligi bilan qalblarga kirib bordi, ezgulik ulashdi.

 

Aytish mumkinki, Maryam Ixtiyorova nafaqat sahnada, balki hayotda ham turfa sinovlarni boshdan kechirdi. Bagʻrikenglik, insonni tushunish, oʻzgalar va oʻz qadrini shaxsiy ojizliklardan baland tutish, qoʻli va koʻngli ochiqlik, adabiyotsevarlik Maryamxonimni hamisha el-u yurtga aziz-u ardoqli, izzatli etdi. Sahnadagi shogirdlari ham farzandlari qatorida, ularga chin maʼnoda ona, sanʼatimiz dargʻalarining qutlugʻ anʼanalarini yosh hamkasblarga yetkazishda oʻziga xos maktab, koʻprik boʻldi. Yorqin xotirasi sanʼatimiz sahifalarida, muxlislar qalbida oʻchmas boʻlib qolgay, inshaalloh.

 

Maryam Ixtiyorova mehnatlari davlatimiz tomonidan qadrlanib, 1997-yili Oʻzbekiston xalq artisti unvoni, 2016-yil “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

 

Alloh bandalariga suyukli etgan Maryam Ixtiyorovaning chin dunyosi ham obod, manzil-makoni jannat bogʻlari boʻlishini tilaymiz.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi jamoasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//