“Oʻzgidromet” bulutlarni haydab berish soʻralgan xabarga munosabat bildirdi

Saqlash
21:45 / 18.03.2022 985 0

Kuchli yogʻingarchiliklarning oldini olish maqsadida fuqaro FVVga telefon qilib, osmonga raketa uchirib, bulutlarni haydab berishni soʻragani haqida audioxabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. “Oʻzgidromet” tarqalgan xabarga munosabat bildirdi.

 

Markaz maʼlumotida aytilishicha, bulutlarga faol taʼsir qilish dasturlarida har bir aniq hududdagi meteorologik jarayonlarning intensivligini hisobga olish zarur. Bulutlarga faol taʼsir qilish boʻyicha ishlar kuchli yogʻingarchilik davrlari yoki koʻp miqdorda yogʻingarchilik boʻlgan davrlarda mutlaqo olib borilmaydi, chunki bu iqtisodiy faoliyatga zarar yetkazishi mumkin.

 

“Shundan kelib chiqqan holda, Oʻzbekistonda soʻnggi kunlarda kuzatilgan kuchli yomgʻirli hodisalar tufayli bulutlarga zarba berish mutlaqo taqiqlangan. Mutaxassislarning fikricha, bu bulutlar juda ham katta massaga ega. Bunday bulutlarga faol taʼsir koʻrsatilsa, yana ham koʻp yomgʻir yogʻib, katta talafotlar roʻy berishi mumkin”, — deyiladi “Oʻzgidromet” xabarida.

 

Namangan viloyati FVB matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, yuqoridagi qoʻngʻiroq 16-mart kuni Namangan shahar Favqulodda vaziyatlar boʻlimi masʼul xodimi tomonidan oʻrganilgan. Oʻrganish natijalaridan aniqlanishicha, yuqoridagi murojaatdagi xonadonlarda suv bosish holati yuz bermagan, balki koʻchadagi yoʻlning yemirilishi kuzatilgan. Telefon orqali murojaat qilgan fuqaroning u yerda yer uchastkasi boʻlib, hech qanday xonadoniga zarar yetmagan, fuqaro bu sohaga tushunmagani va obroʻsizlantirish maqsadida boʻlmaganini aytib oʻtgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//