Hozir 4 mln oylik oladigan shifokor endi 8-9 millioncha maosh olishi mumkin boʻladi – Prezident

Saqlash
17:09 / 18.03.2022 941 0

Shavkat Mirziyoyevning sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.

 

«Byudjet xodimlarining maoshini har yili oshirib boryapmiz. Bu yil ham byudjet tashkilotlari qatorida tibbiyot xodimlarining oylik ish haqini ham kamida 10 foizga oshirishni reja qilganmiz.

 

Bunga qoʻshimcha ravishda, soha vakillarining mashaqqatli mehnatini yanada ragʻbatlantirish maqsadida, joriy yil 1-iyundan:

 

- tibbiyot xodimlarining oylik maoshi malaka toifasiga qarab, yana 15 foizgacha oshiriladi.

 

- yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokorlarga esa yana 25 foiz miqdorida ustama toʻlanadi.

 

Tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmasiga yiliga 1,5 trillion soʻm ajratiladi.

 

Ushbu mablagʻlar hisobidan:

 

- alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan shifokor va hamshiralarga 100 foizgacha oylik ustamalar ham belgilanadi;

 

- yangi ish boshlagan fidoiy yosh shifokorlarga 1 million soʻmgacha maxsus oylik ustama toʻlash tartibi joriy etiladi.

 

Sodda qilib tushuntiradigan boʻlsam, misol uchun, hozirgi kunda oliy toifali shifokor 4 million soʻm maosh olsa, endi ish haqining oshishi va yangi ustamalar hisobiga, 8-9 million soʻmgacha maosh olishi mumkin boʻladi.

 

Hamshiralar esa hozirgi 1,5 million soʻm oʻrniga, toifasi va erishgan natijalariga qarab, 3-4 million soʻmgacha oylik olishi mumkin», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//