Oʻzbekistonda ikki oyda tez yordamga mingga yaqin yolgʻon chaqiriq kelib tushgan

Saqlash
22:24 / 17.03.2022 771 0

Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, 2022-yilning yanvar–fevral oylarida Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 31 296 ta murojaat asossiz deb baholangan boʻlib, ularning 922 tasi yolgʻon chaqiriq boʻlgan.

 

“Barchamiz issiq jonmiz. Vaqt-bevaqt tobimiz qochib qolsa, darrov tez yordamga murojaat qilamiz. Ammo baʼzida 103 xizmati xodimlarining belgilangan manzilga oʻz vaqtida yetib bora olmaslik holatlari kuzatiladi. Bunga esa koʻpincha asossiz va yolgʻon chaqiriqlar sabab boʻladi”, deyiladi xabarida.

 

SSV 922 tasi yolgʻon chaqiriq 2021-yilning shu davriga nisbatan qariyb 18 ta kam koʻrsatkich boʻlsada, bunday murojaatlar sababli insonlar hayoti xavf ostida qolishini inobatga olsa, ularning bittasi ham koʻpligini qayd etgan.

 

Eng koʻp yolgʻon chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilgan — 258 ta. Qashqadaryo viloyatida 124 ta, Fargʻona viloyatida 119 ta, Toshkent shahrida 107 ta, Navoiy viloyatida esa 102 ta shunday murojaat kelib tushgan.

 

Eng kam yolgʻon chaqiriq Jizzax viloyati (2 ta), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (11 ta) va Sirdaryo viloyatida (15 ta) qayd etilgan.

 

Bundan tashqari, yanvar—fevral oylarida tez yordam xodimlari tomonidan yana bir qancha murojaat natijasiz chaqiriq, deb baholangan. Jumladan, 1401 ta holatda manzil topilmagan, 11 ming 692 ta vaziyatda tez tibbiy yordam rad etilgan, 2 598 ta holatda bemor oʻz joyida boʻlmagan, 5 692 tasida boshqa transport vositasida olib ketilgan, 339 tasida esa tez yordam xodimlariga eshik ochilmagan.

 

Maʼlumot uchun, 2021-yilda Oʻzbekistonda tez yordam xizmatiga jami 194 96 ta asossiz chaqiriq kelib tushgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//