Madaniyat
Oʻzbek milliy sahna sanʼati koshonasining betakror, goʻzal ustunlaridan biri... toʻgʻrisi, qalblarimizga dilbar tabassumi bilan nur ulashib turguvchi bu suyuk insonning foniy dunyodan koʻz yumgani toʻgʻrisida aytish ham qiyinga oʻxshaydi-yu, biroq taqdiri azalning yozuvi haq – Oʻzbekiston xalq artisti Toʻtixon Yusupova 86 yoshda vafot etdi.
Sahna va kino sanʼatimiz tarixi sahifalari yulduzlari Olim Xoʻjayev, Razzoq Hamrayev, Lutfixonim Sarimsoqova, Soraxonim Eshontoʻrayeva, Zaynab Sadriyeva, Nabi Rahimov, Zikir Muhammadjonov kabi ustozlardan taʼlim-tarbiya olgan Toʻtixon Yusupova hayoti va faoliyati davomida ularning anʼanalari, boshlagan ezgu yoʻllari davomchisi boʻldi: xalqu Vatan tinchligi, obodligi, elning maʼnaviy-maʼrifiy yuksalishi yoʻlida pok qalbi, mahorati, sanʼati bilan xizmat qildi. Garchi sahnada Hafiza (“Shohi soʻzana”), Sonya («Vanya togʻa»), Mastura (“Paranji sirlari”), Hojar (“Tobutdan tovush”), Nuri (“Qutlugʻ qon”), Xonzoda (“Boy ila xizmatchi”), Shafaq (“Oy tutilgan tunda”), Rahima (“Komissiya”), Sotti (“Kelinlar qoʻzgʻoloni”), Nodira (“Nodira”) kabi turfa tabiatli, bir-biridan keskin farq qiladigan qahramonlar obrazini obi-tobiga yetkazib, oʻz mahorat maktabiga ega boʻlgan esada, hayotda doim yuz-koʻzlari kamtarlik, muloyimlik, shirinsoʻzlik, mehribonlik, kamsuqumlik fazilatlaridan nurlanib, barchaga birdek ibrat boʻlib, hurmat-izzatga munosib boʻlib yashadi.
Ayniqsa, Toʻti opaning “Otalar soʻzi-aqlning koʻzi” adabiy-maʼrifiy koʻrsatuvida yaratgan qahramonlari qancha yuraklarga yaxshilik, ezgulik, mehr-shafqat yoʻllarini koʻrsatdi. Toʻti opa sahnaga olib chiqqan oʻzbek onalari siymolari chinakam maʼnoda mehr timsoliga aylangan edi. Ular ishtirok etgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar hamisha yuksak maʼnaviy mezonlar, odamiylik, yaxshilik, mehr-muhabbat darsiga aylanib ketardi.
Toʻtixon Yusupovaga xizmatlarining eʼtirofi – davlatimiz tomonidan berilgan Oʻzbekiston xalq artisti unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni nechogʻli yarashimli boʻlsa, sanʼatsevar xalqimizning bu farishtasifat onaxonga muhabbatu eʼzozi, xotirasi ham uzukka koʻz qoʻygan kabi xos va goʻzal boʻlib qolaveradi.
Parvardigori olam rahmatlariga gʻarq etib, oxiratlarini obod etishini tilaymiz.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi jamoasi
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q