Talabalarga 10 000 dollargacha grant mablagʻlari ajratiladi

Saqlash
16:09 / 15.03.2022 1381 0

14-mart kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Yoshlar akademiyasi aʼzolarining innovatsion gʻoyalari, texnologiyalari va loyihalari koʻrgazmasi ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. 

 

Tadbirda “Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida gʻolib deb topilgan 13 nafar yosh tadqiqotchilarga sertifikatlar topshirildi. Oʻz ilmiy ishlarini boshlagan mazkur yosh olimlar respublika hududidagi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va laboratoriyalarda qisqa muddatli stajirovka oʻtaydilar. Stajirovka xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari doirasida tegishli shartnomaga asosan moliyalashtiriladi.

 

Taʼkidlash joizki, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi 2019-yilda tashkil etilgan boʻlib, shu davr ichida tashkilot tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli aniqlash va munosib taqdirlash, ularing takliflarini oʻrganib, toʻgʻri yoʻnaltirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirildi. Hozirgi kunda 3000 nafardan ortiq innovatsion loyihalar va gʻoyalarga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha boʻlgan olimlar va tadbirkorlarning maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Hududlardagi tashabbuskor yoshlarimizni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021-yildan boshlab “Boʻlajak olim” tanlovi tashkil etib kelinmoqda. Shu kunga qadar 63 ta loyiha mualliflari 12 mlrd soʻmga qoʻllab-quvvatlandi.

 

Tadbirda 2022-yilgi “Student Idea Challenge 22» tanlovining aprel oyida eʼlon qilinishi toʻgʻrisida hamda bu tanlovda ishtirok etish shartlari va imkoniyatlari haqida maʼlumotlar berildi. Mazkur tanlovda aniq bir gʻoya yoki loyihaga ega boʻlgan 4 kishidan iborat bakalavr yoki magistratura talabalari jamoalari ishtirok etishi mumkin. Eng sara loyihalarga 10 000 AQSH dollarigacha grant mablagʻlari ajratiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//