Cotton Campaign oʻzbek paxtasiga boykotni bekor qildi

Saqlash
22:44 / 10.03.2022 1008 0

Cotton Campaign koalitsiyasi Oʻzbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021-yilda mamlakatda paxta yigʻim terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmagani munosabati bilan qabul qilindi. Ilk bor oʻzbek paxtasiga 2009-yilda boykot eʼlon qilingandi.

 

Cotton Campaign koalitsiyasi oʻzbek paxtasiga boykot tugatilganini eʼlon qildi. Mazkur qaror “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbek forumi” tomonidan 2021-yilda paxta terimida oʻtkazilgan mustaqil monitoring natijalariga asosan qabul qilingan. Hisobotda hukumat tomonidan tashkil qilinadigan majburiy mehnat holatlari aniqlanmagani qayd etilgan.

 

2009-yilda Cotton Campaign oʻzbek paxtasiga boykot eʼlon qilgan edi. Oʻshandan beri 331 ta brend va riteyler kompaniyalari, jumladan, Adidas, Zara, C&A, Gap Inc., H&M, Levi Strauss & Co., Tesco va Walmart kabilar oʻzbek paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini olgan.

 

“Soʻnggi 12 yil davomida yuzlab kompaniyalarni oʻzbek paxtasidan voz kechishga undaganimizdan soʻng, biz Oʻzbekiston paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini bekor qilish vaqti kelganini eʼlon qilishdan mamnunmiz. Endi kompaniyalar oʻzlari mehnat huquqlariga amal qilinishini baholashlari va Oʻzbekistondan paxta sotib olish boʻyicha qaror qabul qilishlari kerak”, dedi Responsible Sourcing Network bosh direktori va Cotton Campaign asoschilaridan biri Patrisiya Yurevich.

 

“Oʻzbek forumi” hisobotida qayd etilishicha, paxta terimi mavsumi tizimli majburiy mehnatsiz oʻtkazilgan boʻlsa-da, kuzatuvchilar mahalliy hokimiyat tomonidan majburlash va aralashish holatlari, shuningdek, ayrim majburiy mehnat holatlarini aniqlashgan. Bundan tashqari, dalalarda monitoring qilish va salohiyatni oshirish bilan shugʻullanadigan mustaqil guruhlarda roʻyxatdan oʻtish, erkin faoliyat yuritishning chegaralangani rivojlanishga toʻsiq boʻlmoqda.

 

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston yangi zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan korxonalar orqali, mahsulot ishlab chiqarish zanjirida shaffoflik va kuzatuvni taklif qiluvchi paxta-toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazib berish uchun jozibador mamlakatga aylanish salohiyatiga ega.

 

Cotton Campaign Oʻzbekistondan mahsulot sotib olishda manfaatdor boʻlgan barcha brendlarni ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, jumladan paxta fermalari, toʻqimachilik fabrikalari va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat va inson huquqlariga rioya etilishini taʼminlash uchun sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirdi. Shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish, monitoring qilish, shikoyatlar yoʻllash va qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun ishonchli va mustaqil mexanizmlar mavjudligini taʼminlash zarur hisoblanadi.

 

“Biz Prezident Mirziyoyevning davlat tomonidan majburiy mehnatga barham berish va Oʻzbekiston paxta sektorini isloh qilish uchun zarur boʻlgan tarixiy islohotlar tashabbusi va amalga oshirishdagi rahbariyatini yuqori baholaymiz. Endi biz Oʻzbekiston hukumatini fuqarolik jamiyati uchun maydon ochishga va global brendlarni jalb qiladigan hamda mehnat va inson huquqlarini himoya qiladigan masʼuliyatli masʼuliyatli yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun zarur boʻlgan qulay muhitni yaratishga chaqiramiz”, dedi Cotton Campaign asoschilaridan biri, AQSH davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat boʻyicha yordamchisi sobiq oʻrinbosari Bennet Friman.

 

Cotton Campaign inson va mehnat huquqlari boʻyicha xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va riteylerlar, masʼuliyatli investor tashkilotlari, taʼminot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning global koalitsiyasidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//