Istanbulda noshirlik boʻyicha xalqaro anjuman boshlandi

Saqlash
18:07 / 09.03.2022 1399 0

Bugun Turkiya Matbaa va nashriyot professional uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “7-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari” ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

Gibrid formatda oʻtkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda kitobxonlikni ommalashtirish, mualliflik huquqiga rioya etilishini taʼminlash, nashriyotlar, adiblar, madaniy-maʼrifiy muassasalar, kitob savdosi bilan shugʻullanadigan tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

 

Dasturda qatnashish uchun 105 ta davlatning 1104 ta nashriyotidan arizalar kelib tushgach, belgilangan mezonlar asosida saralash jarayoni oʻtkazilgan. Hozirda mazkur anjumanda 72 ta mamlakatning noshirlik sohasiga oid 555 ta tashkilotidan masʼul vakillar ishtirok etmoqda. Xususan, ilk bor mamlakatimiz nomidan Oʻzbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi, “Sharq”, “Gʻafur Gʻulom”, “Oʻzbekiston”, «Akademnashr», “Yangi asr avlodi” kabi qator nashriyotlarning mutasaddilari, shuningdek, AOKA vakillari qatnashmoqda.

 

Tadbir Sharqdan Lotin Amerikasigacha, Shimoliy Yevropadan Afrikagacha — dunyoning toʻrt tomonidan soha mutaxassislarini bir joyga jamlagan.

 

Istanbuldagi muloqotlar jahon noshirlik va poligrafiya sanoati tajribasini oʻrganish, yetakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar toʻplamini oʻquvchilar va xaridorlarga yetkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//