Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, aziz va moʻtabar onaxonlar!
Munis opa-singillar!
Dilbar qizlarim!
Shukuhi va quvonchi tamoman o‘zgacha bo‘lgan bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan siz, nafosat olami vakillarini, butun mamlakatimiz ayollarini Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga chuqur hurmat-ehtiromimni va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Avvalo, oilangiz va yaqinlaringiz baxtiga, qolaversa, ayol qadrini e’zozlab yashaydigan el-yurtimiz baxtiga sog‘-omon bo‘lishingizni, doimo mana shunday go‘zal bahoriy kayfiyatda yurishingizni tilayman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulug‘ ne’mati, tengsiz moʻjizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi. Yurtimiz zaminidagi “Bibixonim”, “Qizbibi”, “Modarixon”, “Qirqqiz” majmuasi kabi tabarruk me’moriy obidalar ham ana shunday azaliy yuksak e’tibordan dalolat beradi.
Ayni paytda biz insoniyat taraqqiyotiga unutilmas va beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizni dunyoga keltirib, mehr bilan tarbiyalagan, ularni ulug‘vor ishlarga ruhlantirib, kamarbasta bo‘lgan fozila ayollarimiz bilan albatta faxrlanamiz.
Ma’lumki, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi.
Xalqimizni rozi qilishdek oliy maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Shu o‘rinda e’tiboringizni ayrim misollarga qaratmoqchiman.
“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” degan ezgu tamoyil asosida, 2021 yilda 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik yordamlar ko‘rsatildi. Bu maqsadlar uchun byudjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Xususan, 18 mingta ayollarga uy-joy xarid qilish uchun 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari uchun bog‘cha xarajatlarini byudjetdan qoplash tartibi joriy etildi.
Yana bir muhim raqamga e’tibor bering. Faqatgina 2021 yilning o‘zida xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 trillion so‘mdan ziyod kredit va subsidiyalar ajratildi. Natijada 320 mingdan ortiq opa-singillarimiz doimiy ish va daromadga ega bo‘ldilar.
Mamlakatimizda jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblangan mahalla va oila institutlarini mustahkamlash bo‘yicha ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, 2021 yilda ehtiyojmand oilalarga mansub 2 mingdan ziyod qizlar oliygohlarga davlat granti asosida qabul qilindi, yana shuncha talaba qizlarga kontrakt pullari to‘lab berildi.
Ayollar ta’limiga alohida e’tibor berayotganimiz tufayli o‘tgan yili oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Agar bundan olti yil avval oliygohlarda 110 ming nafar qizlarimiz tahsil olishgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 400 ming nafarga yetdi yoki ularning ulushi 2016 yildagi 38 foizdan ayni paytga kelib qariyb 50 foizga yetdi.
Bu natijalar ham ushbu yo‘nalishdagi islohotlarimizning amaliy ifodasi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham fikrimga qo‘shilasizlar.
Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab berishi, oqila va o‘qimishli onalar millatning buyuk kelajagini yaratishlari hammamizga yaxshi ayon. Shu bois donishmandlar:
“Bitta qiz bolani o‘qitsangiz – butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”, deb bejiz ta’kidlamaganlar.
Qizlarimizning zamonaviy bilimlar va kasb-hunar egasi bo‘lib, jamiyatda hamda o‘z oilasida munosib o‘rin topishi uchun boshlagan ishlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz. Bu borada, avvalo, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini qabul qilamiz. Ushbu hujjat doirasida poytaxtda xotin-qizlar uchun alohida universitet va joylarda uning texnikumlarini tashkil etamiz. Barcha talaba qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit berish tartibi joriy qilinadi.
Ushbu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida ilmiy izlanish va kashfiyotlari bilan yurtimiz ravnaqiga katta hissa qo‘shib kelayotgan olima ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga ko‘taramiz.
Ma’lumki, bugungi kunda opa-singillarimiz orasida o‘nlab akademik va professorlar, fan doktorlari va fan nomzodlari, yuzlab iste’dodli tadqiqotchilar bor. Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish – bu igna bilan quduq qazishga barobar.
Men o‘zim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman.
Zukko va bilimdon xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqini oshirish maqsadida biz bir qancha muhim chora-tadbirlar belgiladik. Jumladan, kelgusi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq byudjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi; doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.
Bu ishlarni tizimli ravishda tashkil qilish va muvofiqlashtirish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida “Olima ayollar jamiyati” tuziladi. Ushbu jamiyat mamlakatimizda va xorijda ilm-fan sohasida yuksak yutuqlarga erishayotgan olima ayollarimizni jipslashtirib, ularning aql-zakovat nurini hayotimizning har bir jabhasiga kirib borishi uchun o‘ziga xos parvoz maydoniga aylanadi.
Zahmatkash olimalarning mashaqqatli va sharafli mehnatini munosib rag‘batlantirish, ular uchun har jihatdan qulay sharoit yaratish maqsadida “Olima ayollar jamiyati”ga har yili 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Umuman olganda, yuqorida aytilgan barcha maqsadlarga joriy va kelgusi yil uchun 1,8 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Xabaringiz bor, yaqinda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu borada oldimizda turgan eng muhim masalalarni atroflicha muhokama qilib oldik. Shu asosda muhim Farmon va qarorlar qabul qilindi.
Ushbu vazifalarni tizimli va samarali amalga oshirishni ta’minlash maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi qayta tiklandi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etildi.
Respublikadagi 9,5 mingga yaqin mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo‘yicha o‘rinbosarlari ham qo‘mita tizimiga o‘tkazildi. Har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilindi.
Shu tariqa opa-singillarimizning muammolari, dardu tashvishlari bilan doimiy shug‘ullanadigan adolatli va samarali tizim yaratildi.
Endi mamlakatimizda ayollarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha yondashuvlar ham tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Jumladan, ehtiyojmand ayollarga zarur sharoitlar yaratish, xotin-qizlar salomatligini tiklash va muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq joylarda yashaydigan ayollarning kasb-hunar egallashiga ko‘maklashish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha muhim tadbirlar amalga oshiriladi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasida ishlayotgan xotin-qizlar sonini yanada ko‘paytirish maqsadida “Bizneschi ayollar” dasturi qabul qilinib, uning doirasida 8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratiladi. Bu muhtoj ayollarni 12 mingta qulay uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatini beradi.
Tariximizda ilgari bo‘lmagan bunday keng ko‘lamli ishlar ijrosi uchun 15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Barcha hududlarimizda jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan, obro‘-e’tiborli ayollarni o‘z safida birlashtirgan “Oqila ayollar” harakatini sizlar bilan birga tashkil etsak, bu ezgu harakat tom ma’noda jamiyatimiz ovoziga, mahalla vijdoniga aylanadi, deb o‘ylayman.
Shuningdek, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha mehnat jamoalarida xotin-qizlarning muammolariga samarali yechim topish uchun “Ayollar kengashlari” tuzilmoqda.
Bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir.
Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi. Duogo‘y momolarimiz, mushtipar onalarimiz va aziz opa-singillarimiz bu ehtirom va e’tiborning albatta qadriga yetadilar. Ayol qadri, inson qadri ulug‘langan yurtda esa, tinchlik va farovonlik, ahillik va baraka albatta barqaror bo‘ladi.
Hurmatli bayram tadbiri qatnashchilari!
Hozirgi kunda xotin-qizlar mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning, xalqchil islohotlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
Biz respublikamiz boshqaruv tizimida, parlament va mahalliy kengashlarda, turli sohalarda bilimdon va fidoyi opa-singillarimizning ulushini ko‘paytirishga alohida ahamiyat qaratamiz. Ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada kuchaytirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, ona Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan sizlar kabi ming-minglab jonkuyar ayollar, faol qizlarimizga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.
Shu bilan birga, bugungi fayzli davramizda ishtirok etayotgan diplomat xonimlarni – xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham chin dildan samimiy qutlayman. Sizlarga o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali munosabatlarimiz rivojiga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun alohida tashakkur izhor etaman.
Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Nataliya German xonim oliyalarini bugungi bayramda ishtirok etayotganliklari uchun alohida minnatdorlik bildiramiz. Bugungi bayram bilan ushbu mehmonimizni ham samimiy tabriklab, mintaqamizda yaqin qo‘shnichilik va ko‘pqirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi mas’uliyatli ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Aziz opa-singillar!
Biz jonajon Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishni o‘z oldimizga buyuk maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu ezgu va sharafli yo‘lda eng avvalo, oilaning muqaddas qadriyatlariga va chin murabbiy bo‘lgan onalarimizning teran ma’naviyatiga tayanamiz.
Shu bois men sizlarga murojaat etib aytmoqchiman.
Biz mamlakatimizni har tomonlama yuksaltirish uchun yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydik.
Farzandlarimiz qalbiga ulug‘ maqsadlar, olijanob g‘oyalarni singdirish – barcha O‘zbekiston onalarining sharafli burchidir.
Yuksak fazilatli, mard va jasur, vatanparvar yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish albatta sizlarga bog‘liq. Bu – yorug‘ kelajakka yo‘naltirilgan eng katta investisiya va bitmas-tuganmas boylikdir.
Shu o‘rinda shijoatli va dilbar qizlarimga ham ko‘nglimdagi bir fikrni aytmoqchiman.
Bugun biz erkin va ochiq jamiyatda yashamoqdamiz. Bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, davr bilan hamqadam bo‘lishimiz, zamonaviy ilm va kasb-hunarlarni egallab, ilg‘or taraqqiyot yutuqlarini o‘zlashtirishimiz, ayni vaqtda milliy o‘zligimizga sodiq qolishimiz kerak. Sizlar el-yurtimizning ana shunday yuksak umidi va ishonchiga munosib bo‘lasizlar, deb ishonaman.
Qadrli vatandoshlar!
Ma’lumki, turli sohalarda o‘z iqtidorini namoyon etib kelayotgan iste’dodli qizlarimizni har yili mana shu qutlug‘ bayram arafasida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash yaxshi an’anamizga aylangan.
Bugun Zulfiyaxonimga munosib izdosh sifatida e’tirof etilib, sovrindorlar safida turgan yana 28 nafar zukko farzandlarimni ko‘rib, qalbim cheksiz faxr va quvonchga to‘lmoqda. Sizlar kabi yuksak marralarga intiluvchan qizlarimni chin yurakdan tabriklab, namunali faoliyatingiz va yetakchilik fazilatlaringiz bilan tengdoshlaringizga o‘rnak bo‘lasizlar, deb ishonaman.
Shuningdek, ushbu fayzli lahzalarda ko‘p yillar davomida davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, fidoyi mehnati bilan o‘z sohasida katta yutuq va natijalarga erishayotgan bir guruh ayollarimizni yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlaymiz.
Sizlarning har biringiz o‘z g‘ayrat-shijoatingiz, tafakkur va tajribangiz bilan Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqi va ona xalqimiz farovonligi uchun beqiyos xizmat qilmoqdasiz.
El-yurt e’tibori va cheksiz mehrini qozongan har qanday kishi o‘zini baxtiyor his etishga haqlidir.
Shu ma’noda, davlatning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lish, bu avvalo, xalqning nazariga tushish, uning duosini olish demakdir.
Bugungi quvonchli ayyomda sizlarga, aziz opa-singillarim va munis qizlarimga ana shu mukofotlarni topshirish menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Muhtarama opa-singillar!
Suyukli qizlarim!
Barchangizni yana bir bor bugungi bahor va nafosat, go‘zallik va latofat bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Sizlarga dunyodagi eng bebaho boylik – oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik, farzandlar va nabiralar kamolini ko‘rib yurish quvonchi hamisha yor bo‘lishini tilayman.
Iqbolingiz baland, umringiz uzoq, hayotingiz farovon bo‘lsin!
Qalbingiz doimoo bahordek yashnab tursin!
Hamisha sog‘-omon bo‘linglar!
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q