Cuvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga subsidiyalar beriladi

Saqlash
21:26 / 02.03.2022 806 0

“Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

 

Qarorga muvofiq, 2022-yildan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun, jumladan, tomchilatib sugʻoriladigan ekin maydonining har bir gektariga quyidagi miqdorda subsidiyalar beriladi:

 

paxta maydonlari uchun – 8 mln soʻm (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sugʻorish tizimlari uchun 12 mln soʻm);

 

sabzavot ekinlari va kartoshka ekin maydonlari uchun – 1,5 mln soʻm;

 

poliz ekinlari maydonlari uchun – 1,3 mln soʻm;

 

ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor oʻsimliklar uchun – 2,5 mln soʻm;

 

mevali ekinlar uchun – 6 mln soʻm;

 

uzum maydonlari uchun – 8 mln soʻm.

 

Subsidiya mablagʻlari, hisob-kitob qilingan summaning:

 

50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi;

 

50 foizi kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi;

 

qoʻshimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, gʻalla va meva-sabzavot klasterlariga toʻlab beriladi.

 

Subsidiya mablagʻlari joriy qilingan suvni tejaydigan sugʻorish tizimlari kamida 5 yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi.

 

Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablagʻlarning oʻrni toʻliq qoplanganidan soʻnggina ruxsat etiladi.

 

2022-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash uchun respublika byudjetidan 1 182,4 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

 

Qarorga koʻra, “Tomchi-reestr” pudrat korxonalarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.

 

2022-yil 10-martgacha suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi joriy qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//