Orol fojiasi, Afgʻoniston muammosi, yadroviy urush xavotiri, transmilliy tahdidlar – Oʻzbekiston Prezidentlari BMT minbarida

Saqlash
21:00 / 02.03.2022 2334 0

Oʻzbekiston roppa-rosa 30 yil avval, 1992-yil 2-martda BMTga aʼzo boʻldi. Shu kuni BMT Bosh assambleyasi binosi oldida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtarildi. 1993-yili esa BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.

 

“Oyina.uz” mazkur sana munosabati bilan Oʻzbekiston rahbarlarining BMT minbarida soʻzlagan nutqlari va koʻtargan masalalarini yodga oladi.

 

1993-yil 28-sentyabr

 

Mustaqil Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Nyu Yorkda 1993-yil 28-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasida birinchi nutqini soʻzlagan.

 

Islom Karimov nutqida BMT Xavfsizlik Kengashi huzurida yuzaga kelayotgan xalqaro mojarolarni tahlil qilish va istiqbolni belgilash boʻyicha maxsus guruh tashkil qilinishi haqida ham gapirgan.

 

 

“Hozirgi zamon voqeligi shundayki, bir mamlakatning xavfsizligi boshqa davlat hisobidan taʼminlanishi mumkin emas. Mintaqa xavfsizligini butun jahon xavfsizligi muammolaridan ajralgan holda koʻrib boʻlmaydi. Shunga asoslanib, Oʻzbekiston yadro qurolining batamom tugatilishi uchun, Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi Shartnomaning samarali harakat qilishi va uning hech bir muddatsiz uzaytirilishi uchun harakat qiladi. Bizning respublikamiz ana shu Shartnomaning harakat qilish muddatini uzaytirishga oid Konferensiyaga tayyorgarlik muzokaralarida faol qatnashadi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining yadrosiz zona deb eʼlon qilinishining qatʼiy tarafdoridir”, degan Islom Karimov.

 

Bundan tashqari, Birinchi Prezidentimiz xalqaro narkobiznesning oldini olish, ekologik muammo, xususan, Orol dengizi fojiasi haqida soʻzlagan va dunyo jamoatchiligi eʼtiborini birgalikda ushbu masalalar yechimini izlashga chaqirgan.

 

1995-yil 24-oktyabr

 

Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1995-yil 24-oktyabrda BMT tashkil etilganiga 50 yil toʻlgani munosabati bilan oʻtgan sessiyada ham nutq soʻzladi va mintaqa xavfsizligi masalasini yana bir bor kun tartibiga qoʻydi. Tashkilot faoliyatini yaxshilashga doir takliflar berildi.

 

2000-yil sentyabr

 

Islom Karimov 2000-yil sentyabrda BMTning “Ming yillik sammiti”da soʻzga chiqdi. Bu safar ham mintaqadagi xavfsizlik, Orol muammosi, xalqaro terrorizm va ekstremizm Oʻzbekiston rahbari nuqida aytilgan asosiy masalalar boʻldi.

 

Islom Karimov nutqi yakunida jahonda uzoq vaqt davom etayotgan mojarolarni bartaraf etishda “tinchlikka majbur qilish” deb ataluvchi mexanizmdan samarali foydalanish lozimligini alohida qayd etgan.

 

2010-yil 20-sentyabr

 

Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2010-yil 20-sentyabrda BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlariga bagʻishlangan yigʻilishida ham soʻzga chiqqan.

 

Afgʻoniston masalasi, Orol muammosiga bu gal 2010-yil Qirgʻizistonda yuz bergan qonli voqealar ham qoʻshildi. Nutqda Islom Karimov qoʻshni mamlakatlar orasida nizo chiqarishga urinishlarni keskin qoraladi, vaziyatni mustaqil xalqaro ekspertlar oʻrganishi, aybdorlarni jazoga tortishga chaqirdi. Birinchi Prezident nutqida Oʻzbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda erishgan yutuqlarini sanab oʻtgan. Oʻzbekiston BMTning Mingyillik Rivojlanish Maqsadlariga erishish borasidagi Taraqqiyotni jadallashtirishga oid global harakatlar rejasini qoʻllab-quvvatlashi va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishini qayd etgan.

 

2017-yil 19-sentyabr

 

Ushbu sanada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida tarixiy nutq soʻzladi. Davlatimiz rahbari mamlakatda oxirgi yillarda siyosiy, iqtisodiy sohalardagi oʻzgarishlar, inson huquqlari boʻyicha amalga oshirilgan islohotlarni qayd etdi. BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va Bosh Assambleyaning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orol muammosi, qoʻshni mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari, Afgʻonistonda tinchlikka erishishning maʼrifiy yoʻllariga alohida toʻxtaldi.

 

«Oʻzbekiston hech qanday blokka qoʻshilmaslik maqomini saqlab qolgan holda, ochiq muloqotga tayyordir. Biz barcha sheriklarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yoʻlida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.

 

Biz mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning ehtiyoj va manfaatlarini taʼminlashdan iborat boʻlgan eng muhim ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning hal qiluvchi sharti aynan shunda mujassam, deb bilamiz», degan Prezident.

 

2020-yil 23-sentyabr

 

Mazkur sanada Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT tarixida birinchi marta butunlay yangi formatda – koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ishida ishtirok etdi. Eʼtiborli jihati, davlatimiz rahbari oʻzbek tilida nutq soʻzladi. Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi. Mintaqadagi muammolarga eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidlab, mamlakat Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilishini aytdi.

 

 

«Pandemiyadan keyingi dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi butunlay boshqacha tus oladi.

 

Biz xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi umumiy xatarlarga qarshi yangicha yondashuvlar asosida va yaqin hamkorlikda ishlashimiz zarur.

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy oʻrnini yanada kuchaytirish lozim.

 

Oʻzbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng koʻlamli va oʻzaro manfaatli sheriklikni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor», dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

2021-yil 21-sentyabr

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 21-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videomurojaat bilan soʻzga chiqdi.

 

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yangi sharoitlarda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va oʻrni ortib borayotganini qayd etdi.

 

 

«Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda, iqlim jadal oʻzgarmoqda, ommaviy migratsiya oqimlari koʻpaymoqda, anʼanaviy qadriyatlar zavol topmoqda.

 

Jahon taqdiri bilan bogʻliq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻzining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur. Biz bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan harakatlarini qoʻllab-quvvatlaymiz», dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

 

Davlatimiz rahbari soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olganini taʼkidladi.

 

BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023-yilda Oʻzbekistonda Atrof-muhit boʻyicha BMTning yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini oʻtkazish taklif etildi.

 

“Assambleya ishtirokchilari Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan, ekologik ofat markazi boʻlgan, Orolboʻyi mintaqasidagi ogʻir vaziyat bilan bevosita tanishish va zarur xulosalar chiqarish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, atrof-muhit boʻyicha Assambleyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya Xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surmoqchimiz”, dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

 

Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonga BMT Bosh kotiblari Kofi Annan (2002), Pan Gi Mun (2010 va 2015-yilda), Antoniu Guterrish (2017) tashrif buyurgan.

 

Inobat AHATOVA

tayyorladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//