Dam olish kunlari Oʻzbekistonda ob-havo issiq boʻladi

Saqlash
19:10 / 25.02.2022 863 0

Oʻzbekistonda dam olish kuni havo harorati meʼyordan koʻra issiq boʻlishi kutilmoqda, deb xabar berdi Oʻzgidromet.

 

25-fevral, juma kuni Oʻzbekiston hududi boʻyicha havo biroz bulutli boʻladi, baʼzi joylarda oʻzgarib turadi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Faqat kunning ikkinchi yarmida Samarqand viloyati, Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin.

 

Respublikaning togʻ oldi hududlarida baʼzi joylarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Havo harorati +13…+18 iliq atrofida boʻlishi kutilmoqda.

 

Qish faslining oxirgi kunlarida Eron hududlaridan havo kirib kelishi kuchayishi hisobiga Oʻzbekistonda qish fasliga xos boʻlmagan juda iliq ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Havo harorati kunduz kunlari +17…+22 daraja iliqqacha, janubda +23…+25 darajagacha koʻtariladi. Bu ushbu kunlarning iqlimiy meʼyorlaridan 8−10 gradusgacha yuqori.

 

Respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi. Faqat shimoliy hududlarga 27-fevral, yakshanba kuni Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Yakshanba kuni Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin.

 

Fevral oyining soʻnggi kuni — 28-fevralda respublikaning barcha hududlariga nam havo massasi kirib keladi va baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. Faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kuzatilmaydi.

 

Kunduz kungi harorat biroz pasayadi, ammo qish faslining oxiri uchun boʻlgan meʼyoriy qiymatlardan yuqori boʻladi. 25−28-fevral kunlari respublikaning togʻli hududlarida qor koʻchishi xavfi bor, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//